Xitoyning “JC Finance Interconnect Holdings” kompaniyasi O‘zbekistonda ta’lim va kasbga tayyorlash o‘quv markazini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Migratsiya agentligi hamda Xitoy kompaniyasi raisi U Tinyi o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.
Tomonlar xalqaro standartlar asosida qayta tayyorlash va malakani oshirish dasturlarini ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi. Unga “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, AKT hamda turizm kabi soha mutaxassislarini jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, o‘zbekistonlik talabalar uchun Xitoyning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida grantlar ajratish va nomzodlarni tanlash xususida fikr almashildi.
Kompaniya vakillarining O‘zbekistonga safarini tashkil etishga kelishildi. Uning doirasida fuqarolarni ta’lim va kasbga tayyorlash markazini ochish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarda uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“JC Finance & Tax Interconnect Holdings” to‘lovlar, soliq ma’muriyatchiligi va boshqa sohalarda biznes uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya Guandun provinsiyasining Xuanputsyu shahrida faoliyat yuritadi.
Avvalroq Xitoy kompaniyasi bilan O‘zbekistonda tarmoqsimon polietilen ishlab chiqarilishi haqida xabar berilgandi. Loyiha qiymati $8 mlnni tashkil etib, mahalliy mahsulotlar hisobiga ichki bozorning yillik 25−30 ming tonnalik ehtiyoji qoplanadi.