Qozog‘iston hukumati o‘n yilgacha muddatga yashash guvohnomasini olish imkonini beruvchi investor vizasini olishning yangi qoidalarini tasdiqladi. Bu haqda RBC nashri mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar bermoqda.
Mamlakat kompaniyalarining ustav kapitaliga yoki mahalliy qimmatli qog‘ozlarga kamida $300 ming sarmoya kiritgan xorijliklar hujjatni rasmiylashtirish uchun ariza berishlari mumkin.
“Oltin vizalar"ning berilishi xorijiy investorlar uchun qulay va oldindan ko‘ra bilish mumkin bo‘lgan muhitni yaratib, huquqiy kafolatlarni ta’minlaydi hamda Qozog‘istonning investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi,” — deya ta’kidladi TIV.
Bunday dasturlar AQSh, BAA, Singapur va Yevropa mamlakatlarida ham mavjud. Rossiyada esa 2023-yildan boshlab soddalashtirilgan tizim bo‘yicha yashash uchun ruxsatnoma olish dasturi amalda.
Forbes Kazakhstan nashrining eslatishicha, Qozog‘istonda investor vizasini joriy etish g‘oyasi bir necha yil oldin paydo bo‘lgan edi.
Xususan, 2018-yilda chet ellik fuqarolarga rezidentlik maqomini olish uchun ko‘chmas mulk yoki qimmatli qog‘ozlarga $100 mingdan $200 minggacha mablag‘ kiritish taklif etilishi rejalashtirilgan edi.
O‘tgan yilning noyabr oyida mamlakatda xorijiy kompaniyalar uchun masofadan turib ishlaydigan xorijiy sayyohlar uchun Neo Nomad vizasi joriy etildi. U Qozog‘istonda bir yilgacha qolish imkonini beradi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 1-iyundan xorijliklar uchun yashash guvohnomasi berish joriy etilishi haqida yozgandi.
Tegishli ruxsatnoma chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga soddalashtirilgan tartibda taqdim etiladi.
Yashash guvohnomasi ariza beruvchiga $200 mingga, uning har bir oila a’zosi uchun $100 mingga 5 yil muddatga beriladi.