Google yangi algoritmni sinovdan o‘tkazishini e’lon qildi. Bu haqda hi-tech.mail nashri xabar berdi.

U YouTube’dagi 18+ kontentli videolar prevyusini xiralashtiradi. Yangilik foydalanuvchilarda asta-sekin paydo bmoqda.

YouTube qoidalariga ko‘ra, video xostingda pornografik tarkib, zo‘ravonlik va taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishni aks ettiruvchi videolarni joylashtirish man etiladi.

Biroq, YouTubeda “kattalar uchun” videolar hali ham mavjud — bular jinsiy aloqa mavzusidagi (namoyishsiz) videolar, jinoyatlar haqidagi podkastlar va shu kabilar bo‘lishi mumkin.

Agar foydalanuvchi profilida 18 yoshdan kichikligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, bunday roliklar SafeSearch algoritmi yordamida tavsiyalar lentasidan yashiriladi, qidiruv natijalarida ko‘rsatilmaydi va hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri havolalar orqali ham ochilmaydi.

Ammo bola, masalan, ota-onasining hisobi orqali YouTubega kirib, o‘z yoshiga mos kelmaydigan kontentga duch kelishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun YouTube “kattalar uchun” mo‘ljallangan videolarning muqovalarini xiralashtirishni joriy etmoqda.

Google’ning aniqlashtirishicha, xiralashtirilgan muqovali videolarda video nomi, kanal nomi va tavsiflar yashirilmaydi. Foydalanuvchilar xiralashtirishni o‘chirib qo‘yish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Sinov doirasida ishlab chiquvchilar ushbu funksiya foydalanuvchilarga platforma qoidalariga mos keladigan, biroq ayrim tomoshabinlar uchun nozik bo‘lishi mumkin bo‘lgan kontentni tasodifan ko‘rib qolishdan saqlanishga yordam beradimi-yo‘qmi, shuni aniqlamoqchi.

Kompaniya vakillari tushuntirishicha, yangi funksiya yosh yoki tajribasiz tomoshabinlar uchun noma’qul kontentdan himoyalanishning qo‘shimcha darajasini ta’minlaydi.


Avvalroq Spot YouTube 10 yil ichida birinchi marta videopleyer dizaynini o‘zgartirgani haqida yozgandi.

Eng sezilarli o‘zgarishlar pleyerni boshqarish tugmalarida bo‘ldi. Ular ikki barobar kattalashib, endi yarim shaffof fon va yumaloq burchaklarga ega bo‘ldi.