Jizzax viloyatining Forish tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda havo elektr uzatish tarmog‘i quriladi. Bu haqda prezident qarori imzolandi.

Loyihani amalga oshirish uchun Xitoyning China Electrical Equepment International hamda China Huadison Overseas kompaniyalari tomonidan Huardian Jizzakh Solar Power loyiha kompaniyasi ta’sis etilgan.

Investorlar va loyiha kompaniyasi Jizzax viloyatida 2,08 mlrd Xitoy yuani miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jalb etgan holda quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qiladi.

Loyiha kompaniyasi qurilish davrida o’z majburiyatlarini bajarilishining ta’minoti sifatida $20 mln miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim qiladi.

O‘zenergosotish 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qiladi va to‘lovlarni milliy valyutada amalga oshiradi.

Shuningdek, loyiha kompaniyasi tomonidan havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish uchun sarflangan xarajatlar to‘liq qoplangunga qadar ushbu xarajatlarni belgilangan tarifga qo‘shgan holda to‘lovni amalga oshirish majburiyatini oladi.

Loyihani amalga oshirish uchun Jizzax viloyatining Forish tumanidan jami 991,1 gektar yaylov yer uchastkasi ajratiladi va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi.


Avvalroq Spot Xitoy kompaniyasi Andijonda 9 ta kichik GES qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. Xinjiang Qianyuan Kunyu Construction Engineering kompaniyasi bilan investitsiya bitimi imzolandi.