Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan davlatlarning elchilari Rossiyaga qarshi 17-sanktsiya paketini oldindan kelishib oldi.
Rasmiylarga ko‘ra, 17-paket Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishi taxmin qilinayotgan 20 dan ortiq yangi kompaniyalarga qaratilgan.
Ular BAA, Turkiya, Serbiya, Vetnam va O‘zbekiston kabi o‘nga yaqin uchinchi davlatlarda joylashgan. Bu Bryussel Kremlga yordam bergani uchun Vyetnam kompaniyasiga qarshi birinchi marta sanksiyalar kiritishi bo‘ladi.
Bloomberg va Financial Times nashrlari xabarlariga ko‘ra, ushbu kompaniyalar energiya sotishdagi cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam bermoqda.
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, 149 ta tanker va 60 ta kompaniyaga cheklovlar qo‘yiladi. Biroq ularning nomi xabarda keltirilmagan.
Paket, shuningdek, Rossiyaga taqiqlangan eksport ro‘yxatiga potensial harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan bir nechta ikki maqsadli tovarlarni, masalan, kimyoviy moddalar va dastgoh komponentlarini ham kiritadi.
Avvalroq Spot Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashni davom ettirishga kelishib olgani haqida yozgandi.
YI O‘zbekiston va Tojikiston bilan yangi shartnomalar imzolash hamda Qozog‘iston bilan viza rejimini soddalashtirish niyatida.