Dubayning Emirates aviakompaniyasi yangi xavfsizlik qoidalarini joriy etdi. Bu haqda aviatashuvchi rasmiy saytida e’lon qilindi.
Yangi qoida bilan endi samolyot bortida pauerbanklardan foydalanish taqiqlanmoqda.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilar uni o‘zi bilan olishlari mumkin, biroq faqat bitta va butun parvoz davomida qurilma o‘chirilgan holda bo‘lishi shart.
Uni faqat oldindagi o‘rindiq cho‘ntagiga yoki o‘rindiq ostidagi sumkaga joylashtirishga ruxsat beriladi. Yuqoridagi bagaj javonida pauerbankni saqlash mumkin emas.
Bundan tashqari, qurilmaning quvvati 100 vatt-soatdan oshmasligi kerak. Uning o‘zida esa sig‘imi haqidagi ma’lumot yozilgan yorliq bo‘lishi kerak.
Qurilmani samolyotning bort tarmog‘idan zaryadlash, shuningdek, bagajda olib yurish taqiqlangan — bu amaldagi qoida hisoblanadi.
Aviakompaniyaning ta’kidlashicha, o‘zgarishlar yo‘lovchilarni himoya qilish va bortda “powerbank"banklar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish, masalan, ularning yonib ketish xavfini oldini olishga qaratilgan.
Shunga o‘xshash qoidalar Turkiyaning Pegasus va Turkish Airlines kabi aviakompaniyalari tomonidan ham joriy etilgan. Janubiy Koreyaning Air Busan aviakompaniyasi ham yuqoridagi bagaj javonlarida pauerbanklarni tashishni taqiqlagan.
Avvalroq Spot Emirates aviakompaniyasi kriptovalyuta orqali to‘lovni amalga oshirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Tizimni ishga tushirish 2026-yilda rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali Emirates kriptovalyutani to‘lov usuli sifatida joriy qilgan birinchi aviatashuvchiga aylanadi.