Prezident O‘zbekistonning Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan mamlakatning 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Soliq qo‘mitasida Kiberxavfsizlikni taʼminlash bo‘limi tashkil etiladi.

Shu sanadan boshlab davlat organlari va tashkilotlari kiberxavfsizlikni taʼminlash uchun budjet parametrlari doirasida hamda budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan zarur mablag‘lar ajratadi. Bu mablag‘lar axborot tizimlari va resurslarni kibertahdidlardan himoya qilishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati milliy axborot tizimlari va resurslarining kiberxavfsizlik darajasini oshirish maqsadida ulardagi kamchiliklarni aniqlash ishlarini tashkil etadi. Bu jarayon mustaqil ekspertlar ishtirokida o‘tkaziladigan tanlovlar orqali amalga oshirib boriladi.

Mazkur tanlovlar Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadigan maxsus elektron platformada o‘tkaziladi.

27-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda moliya tashkilotlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kiberjinoyatlarga qarshi choralarni ko‘rish borasidagi sustkashligi tanqid qilingandi.

“Ichki ishlar va prokuraturaga bu yo‘nalishda barcha masalalarni hal qilib berganman. Qani natija? Bank va to‘lov tashkilotlarida himoya tizimlarini joriy etish qachon yakunlanadi?” — deya davlat rahbari mutasaddilar oldiga qat’iy savol qo‘ydi.

Avvalroq Mobiuz ham kiberhujumga uchragani, biroq abonentlarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalmagani haqida xabar berilgandi.