Britaniya regulyatori Telegramga nisbatan bolalarga oid jinsiy zo‘ravonlik materiallari tarqatilgani gumoni sababli tekshiruv boshladi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Ofcom ba’zi foydalanuvchilar platformada bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sahnalarini tarqatgani haqida “dalillar” topgach, Telegramga nisbatan tergov o‘tkazadi.

Regulyator Telegram’ning Internet xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunga (Online Safety Act) muvofiq o‘z majburiyatlarini bajarayotganini tekshirmoqda, bu esa platformalardan bunday kontent tarqalishining oldini olishni talab qiladi.

Ofcom, shuningdek, Teen Chat va Chat Avenue bo‘yicha tergov boshladi, deya qo‘shimcha qiladi Reuters.

Messenjer WSJga Ofcom ayblovlarini “qat'iy” rad etishini aytdi. 2018-yildan beri kompaniya algoritmlar va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik tufayli bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik kontentining tarqalishini “deyarli yo‘q qildi”.

Telegramda ta’kidlanishicha, ular tergovdan hayratda va bu “so‘z erkinligi va maxfiylik huquqini himoya qiluvchi onlayn platformalarga qarshi keng ko‘lamli hujumning bir qismi” bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.


Avvalroq Spot Telegram so‘rovnomalarida soxta ovozlarga qarshi vositalar joriy etilishi mumkinligi haquda yozgandi.

Pavel Durovga ko‘ra, messenjer so‘rovnomalardagi soxta ovozlarni aniqlab, natijalarni himoyalovchi vositalar ustida ishlamoqda.