Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakat hududiga yangi tovuq tuxumlarini olib kirishga vaqtinchalik cheklov joriy qildi. Bu haqda Zakon.kz xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tegishli buyruqqa asosan, taqiq 21-apreldan rasman kuchga kirdi va olti oy davomida amal qiladi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, ushbu qaror “Qozog‘iston Respublikasi hududiga yangi tovuq tuxumlarini olib kirishni taqiqlash to‘g‘risida"gi buyruq asosida qabul qilingan.
Unga muvofiq, uchinchi davlatlardan va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) a’zo mamlakatlardan barcha turdagi transport vositalari orqali yangi tuxum olib kirish vaqtincha to‘xtatiladi.
Shu bilan birga, tranzit tashuvlari uchun istisno qilingan. Ya’ni, YOIIga a’zo davlatlar o‘rtasida tuxum mahsulotlarini Qozog‘iston hududi orqali olib o‘tish cheklovlarga kirmaydi.
Mutaxassislar va parrandachilik sohasi vakillarining ta’kidlashicha, Qozog‘istonda tuxum narxi yil davomida bir necha bor o‘zgarib turadi.
Odatda, yoz mavsumida talab kamayishi sababli narxlar tushadi, chunki iste’molchilar tuxumdan ko‘ra ko‘proq sabzavot va mevalarni tanlaydi. Kuz oylarida esa ishlab chiqaruvchilar yozgi zararlarni qoplash uchun narxlarni biroz oshirishga majbur bo‘ladi.
Mazkur cheklov ichki bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda narxlar barqarorligini saqlashga qaratilgan deb taxmin qilinmoqda.
Avvalroq Spot Pokiston O‘zbekistondan limon, olma, anjir va qalampir importiga ruxsat bergani haqida yozgandi.