O‘zbekistonda dollar kursi pasayishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

24-apreldan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 12 015,96 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 26 so‘m 53 tiyinga pasaydi.

Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Markaziy bankka ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida so‘m kursi ichki talab va taklif hamda tashqi iqtisodiy omillar ta’sirida shakllandi. Import uchun valyutaga ehtiyoj oshgani sabab kompaniyalar talabi kuchayib, bu kursga bosim o‘tkazdi. Kurs tebranishi ham oshdi: kunlik o‘zgarish o‘rtacha 0,2% (29 so‘m) bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 0,1% (12 so‘m) edi.

Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga xorijdan $3,79 mlrd pul o‘tkazmalari kirib keldi — bu o‘tgan yilga nisbatan $433 mlnga ko‘p. Yanvarda $1,23 mlrd, fevralda undan biroz kamroq mablag‘ kelib tushgan. Mart oyida o‘tkazmalar $1,34 mlrdgacha oshib, o‘sish tiklandi.

Bu davrda valyuta bozori faollashib, talab $14,6 mlrdga, taklif esa $12,2 mlrdga yetdi. Yuridik shaxslar talabi tezroq o‘sdi, eksport tushumlarining $2,2 mlrdi ichki bozorda sotildi. Aholi banklarga $6 mlrd valyuta sotib, $3,2 mlrd xarid qildi. Natijada bozorda ijobiy saldo $2,9 mlrdni tashkil etdi.

Avvalroq Spot endi banklar kartalardagi mablag‘larni qarzlar uchun “nolgacha” yechib ololmasligi haqida yozgan edi.