Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarni soliq organlari nomidan yuborilayotgan soxta elektron xatlar haqida ogohlantirdi.
Ma‘lum qilinishicha, so‘nggi kunlarda Toshkent shahar soliq boshqarmasi hamda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi nomidan tadbirkorlarga firibgarlik mazmunidagi elektron xatlar yuborilgan.
Qo‘mita ushbu xatlar rasmiy emasligini va soliq tizimida ro‘yxatdan o‘tmaganini bildirdi. Xatlardagi havolalar orqali qurilmalarga zararli dasturlar yuklanishi yoki foydalanuvchilarning shaxsiy ma‘lumotlari qo‘lga kiritilishi mumkin.
Qo‘shimcha qilinishicha, soliq organlarining barcha rasmiy xabarlari faqat soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
Shu bois tadbirkorlarga shubhali xabarlardagi havolalarni bosmaslik, ilova qilingan fayllarni ochmaslik hamda ma‘lumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali tekshirish tavsiya etildi.
Spot, avvalroq, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgandi.
