Chorvoq suv ombori bo‘yidagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti qurilishi loyihasi 2029-yilgacha ijobiy ekologik xulosa oldi. Spot tanishgan ushbu hujjat haqiqiyligini Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita matbuot xizmati tasdiqladi.
Unga ko‘ra, Davlat ekologik ekspertizasiga atrof-muhitga ta’sirni baholashning (AMTB) birinchi bosqichi materiallari taqdim etilgan. Ular Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv omborining sharqiy sohilida — Yakkatut va Boladala aholi punktlari oralig‘ida joylashadigan Sea Breeze Uzbekistan turistik majmuasi loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Loyihaning atrof-muhitga ta’sirini baholashning dastlabki materiallari avvalroq Ozarbayjon, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Sloveniya ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirokida mustaqil xalqaro ekologik ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilgan. Natijada aniqlangan uslubiy va mazmuniy nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo‘yicha qator tavsiyalar berilgan.
“Xususan, materiallarning asosan tavsifiy xususiyatidan voz kechib, atrof-muhit tarkibiy qismlariga ta’sirlar ahamiyatini tahliliy baholashga o‘tish, bioxilma-xillikning holati va zaifligini baholashni chuqurlashtirish, rejalashtirilgan faoliyatning umumiy ta’sirini hisobga olgan holda suvni muhofaza qilish va kumulyativ ta’sirlarni aniqlashtirish, shuningdek, AMTB jarayonining barcha bosqichlarida jamoatchilik fikrini to‘liq, shaffof va hujjatlashtirilgan holda hisobga olishni ta’minlash zarurligi qayd etilgan”, — deyiladi hujjatda.
Ikkinchi bosqich talablari
Atrof-muhitga ta’sirni baholashning ikkinchi bosqichida, qurilish va foydalanish bosqichlarini, mavsumiy eng yuqori yuklamalarni hamda Chorvoq suv omborining sharqiy qirg‘og‘idagi mavjud va rejalashtirilgan rekreatsion obyektlar hamda 4R-10 avtomobil yo‘li bilan bog‘liq kumulyativ ta’sirni hisobga olgan holda, Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
- gruntlarning fizik-mexanik xususiyatlarini, yer usti oqimining parametrlarini aniqlashtirgan holda muhandislik-geologik, gidrologik va geodinamik tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sel va ko‘chki xavfini, jumladan, Qalashsoy vodiysidagi xavfni baholash;
- qurilish va foydalanish bosqichlari, shu jumladan, eng yuqori va avariyaviy rejimlar bo‘yicha atmosfera havosiga, suv muhitiga, tuproqlarga va bioxilma-xillikka ta’sir ko‘rsatish hisob-kitoblarini aniqlashtirish va batafsillashtirish, bunda tabiatni muhofaza qilish tadbirlari samaradorligini hisob-kitoblar va prognozlar bilan tasdiqlash;
- suvni muhofaza qilish zonalari va qirg‘oqbo‘yi mintaqalari talablariga rioya qilgan holda, oqova suvlarni vaqtincha to‘plash joylarini va ularni keyinchalik tozalash uchun olib chiqish sxemalarini ko‘rsatgan holda suv ta’minoti manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, qurilish va ekspluatatsiya davri uchun suv iste’moli va suv chiqarish hisob-kitoblarini taqdim etish;
- Chorvoq suv omborining sharqiy qirg‘og‘idagi rekreatsion ob’ektlar, transport oqimlari va muhandislik infratuzilmasini hisobga olgan holda kumulyativ ta’sirni baholash, shuningdek, yo‘ldosh ta’sirlarni kamaytirish choralarini asoslab, transport yuklamasi hisob-kitoblariga tuzatishlar kiritish;
- kompleks geobotanik va zoologik tadqiqotlarni, jumladan, bahorgi mavsumda maqsadli dala tadqiqotlarini o‘tkazish; Bo‘stonliq tumani ekologiya inspeksiyasi tomonidan hududni tekshirish dalolatnomasini, “Qizil kitob"ga kiritilgan turlar ro‘yxatini, shuningdek, Zoologiya institutining rejalashtirilayotgan faoliyatning ekologik nozik zonalarga ta’siri to‘g‘risidagi xulosasini taqdim etish;
- qonunchilikka muvofiq biologik resurslarni saqlash, tiklash va ulardan barqaror foydalanish, xavf-xatarlarning oldini olish hamda nodir va yo‘qolib borayotgan turlarni monitoring qilish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi bioxilma-xillikni boshqarish rejasini ishlab chiqish;
- daraxt va buta o‘simliklarining qimmatli turlarini (jumladan, Zarafshon archasi va grek yong‘og‘ini) saqlab qolish yoki ko‘chirib o‘tkazishni, shuningdek, ko‘chirib o‘tkazish uchastkalarini va ko‘karishni nazorat qilishni asoslagan holda kompensatsion ekish ishlarini ta’minlash;
- qurilish davrida chang chiqindilarining oldini olish, jumladan, changni bostirish, YEVRO-5 standartlariga javob bermaydigan avtotransport vositalaridan foydalanishni cheklash va vaqtinchalik beton-qorishma uskunalarida samaradorligi 99,5 foizdan kam bo‘lmagan chang-gaz tutuvchi qurilmalarni qo‘llash choralarini ko‘rish;
- obyekt hududida chiqindilarni yoqishni taqiqlagan holda qurilish va maishiy chiqindilarni identifikatsiyalash, alohida to‘plash va ular bilan ekologik xavfsiz muomalada bo‘lishni ta’minlash;
- ekologik monitoring dasturlarini (havo, tuproq, yer usti va yer osti suvlari, biota) yangilash, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish rejasini ishlab chiqish hamda suv bosishi ehtimoli bo‘lgan zonalarni va vakolatli organlar bilan o‘zaro hamkorlikni hisobga olgan holda avariya holatlarining oldini olish va ularga chora ko‘rish rejasini (ABER/ FM va FV rejasi) taqdim etish.
Bundan tashqari, investor obyekt joylashgan hududda atrof-muhit holatini monitoring qilish dasturini (atmosfera havosi, tuproq, oqova suvlar, shu jumladan yer osti suvlari sifatini, shuningdek, qurilish va foydalanish davrlarida o‘simlik va hayvonot dunyosining holatini nazorat qilish) ishlab chiqishi va Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi bilan kelishishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, buyurtmachi davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etiladigan materiallarning to‘liqligi, ishonchliligi va dolzarbligini, shuningdek, loyihada nazarda tutilgan tabiatni muhofaza qilish va muhandislik tadbirlarining bajarilishini ta’minlaydi. Davlat ekologik ekspertizasining loyihani amalga oshirish mumkinligi to‘g‘risidagi xulosasi uch yil mobaynida yuridik kuchga ega bo‘ladi. Ushbu davrda loyihalashtirilgan ishlar amalga oshirilmagan yoki loyiha yechimlari o‘zgargan taqdirda, AMTB loyihasini yangidan ishlab chiqish va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekoekspertizasiga taqdim etish lozim.
“Davlat ekologik ekspertizasi xulosasining amal qilishi buyurtmachi tomonidan davlat ekologik ekspertizasi xulosasida ko‘rsatilgan talablarga rioya etilmagan hollarda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa hollarda tugatiladi”, — deyiladi hujjatda.
Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining Bo‘stonliq tuman bo‘limiga Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan turistik majmua qurilishi loyihasining ikkinchi ekologik kuzatuv bosqichi — Atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi arizani ishlab chiqishda yuqorida keltirilgan talablarning bajarilishini nazoratga olish topshirildi.
Shuningdek, loyihalashtirilayotgan qurilish maydonidagi daraxtlar sonini aniqlash uchun hudud ko‘zdan kechirilishi hamda ko‘rib chiqilayotgan hududni o‘rganish bo‘yicha Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma taqdim etilishi lozim.
Joriy yil 23-yanvar kuni Bo‘stonliq tumanida Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan kurortini qurish loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tgandi. O‘sha vaqtda loyiha uchun fermerlardan olingan yer uchastkalari bo‘yicha kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq Spot Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy etilishi haqida yozgan edi.