01

Nima bo‘ldi?

Shu yilning yanvarida Markaziy bank kredit va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirish bo‘yicha minimal talablarni tasdiqlagandi. Hujjat 22-apreldan kuchga kirdi.

Yangi tartibga ko‘ra, bank va to‘lov ilovalariga kirishda endi faqat SMS-kodning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Asosiy o‘zgarishlar quyidagicha:

  • Majburiy biometriya: yangi qurilmadan kirish, parolni o‘zgartirish yoki kartani bog‘lashda Face ID orqali shaxsni tasdiqlash talab etiladi.
  • Raqam egasini tekshirish: mobil ilova foydalanuvchi telefon raqami JSHSHIR (PINFL) ma’lumotlariga mosligini tekshiradi.
  • Onlayn kreditlarga to‘siq: bir kunda bir necha bor kredit rasmiylashtirish cheklanadi, mablag‘ni kartaga o‘tkazishdan oldin esa qayta biometrik tekshiruv o‘tkaziladi.
  • Qo‘shimcha xavfsizlik choralari: telefonda gaplashilayotgan paytda yoki masofaviy boshqaruv dasturlari faol bo‘lsa, bank ilovalari ishlamaydi.

02

Bu nima degani?

SMS-kodni qo‘lga kiritgan firibgarlar biometrik to‘siqdan o‘ta olmaydi. Begona raqamlarga va shubhali veb-saytlar orqali pul o‘tkazmalariga cheklov joriy etiladi, bir vaqtning o‘zida bir nechta “qaynoq” onlayn kredit rasmiylashtirish imkoniyati esa yopiladi. Bu choralar mablag‘larni o‘g‘rilik va noqonuniy o‘tkazmalardan himoya qilishga qaratilgan.

Shuningdek, yangi tartiblar firibgarlik holatlarida jabrlanuvchilarning huquqlarini kafolatlash mexanizmlarini ham kuchaytiradi.

03

Tekshiruv qanday amalga oshiriladi?

22-apreldan bank ilovalaridagi muhim operatsiyalar bir necha bosqichli tekshiruvdan o‘tadi:

  1. Identifikatsiya va biometriya: yangi qurilmadan kirish, kartani ilovaga bog‘lash yoki parolni o‘zgartirishda foydalanuvchidan “jonli” selfi so‘raladi.
  2. Ma’lumotlar muvofiqligi: ilova telefon raqami egasi JSHSHIR (PINFL) ma’lumotlariga mosligini avtomatik tekshiradi. Agar ma’lumotlar mos kelmasa, P2P-o‘tkazmalari kabi ayrim operatsiyalar cheklanadi.
  3. Sessiya va qurilma nazorati: ilovalarda “Faol seanslar” bo‘limi paydo bo‘ladi. Unda foydalanuvchi hisobiga qaysi qurilma, qaysi IP-manzil va qachon kirilganini ko‘rishi, shubhali seanslarni masofadan o‘chirishi mumkin bo‘ladi.
  4. Texnik cheklovlar: audio yoki video qo‘ng‘iroq vaqtida, shuningdek ekran masofadan boshqaruv dasturlari faol bo‘lsa, bank ilovasi ishlamaydi.
  5. Onlayn kreditlar nazorati: kredit ma’qullangandan keyin ham mablag‘ kartaga tushishidan oldin foydalanuvchi qayta biometrik tasdiqdan o‘tishi shart bo‘ladi.

04

Ilovaga kirishdagi cheklovlar hammaga tegishlimi?

Yo‘q. Agar ilovada avvaldan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz va undan hozirda foydalanayotgan bo‘lsangiz, odatdagidek ishlatishda davom etaverasiz. Biroq ilovani o‘chirib qayta o‘rnatsangiz yoki yangi akkaunt ochmoqchi bo‘lsangiz, foydalanishda yangi tartib va cheklovlar amal qiladi.

05

Raqam o‘z nomimda emas. Muammo bo‘ladimi?

Yo‘q, agar raqam yaqin qarindoshingiz nomida bo‘lsa, ilovadan foydalanishga cheklov qo‘yilmaydi — tizim qarindoshlik aloqalarini JSHSHIR ma’lumotlari orqali aniqlaydi.
Cheklov faqat telefon raqami yoki unga bog‘langan bank kartasi foydalanuvchiga qarindosh bo‘lmagan begona shaxs nomiga rasmiylashtirilgan holatlarga tatbiq etilishi mumkin.

Yaqin qarindoshlar qatoriga ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka hamda opa-singillar, er-xotin, farzandlar (jumladan farzandlikka olinganlar), bobo-buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi va aka-uka, opa-singillari kiradi.

06

Ilovada raqamni almashtirish mumkinmi?

Ba’zi bank va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovasida eski raqam saqlanib qolgan bo‘lsa, ilovadan chiqmasdan turib yangi raqamni ulab qo‘yish mumkin. Masalan, SQB Mobile, Payme, Ipoteka Retail, MyTuron, Ipak Yuli Mobile va InfinBank ilovalarida yangi raqamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sozlamalar orqali ulab qo‘yish mumkin.

Quyidagi ilovalarda raqamni almashtirish uchun amaldagi profildan chiqish, ayrim hollarda esa uni butunlay o‘chirib, yangi raqam bilan qayta identifikatsiyadan o‘tish talab etiladi: Uzum Bank, Click, Asakabank, Alliance Pay, Milliy, Xazna, Agrobank Mobile, BRB, Paynet, Zoomrad, OFB, Universalbank, Davr Mobile 2.0, MAVRID, Kapitalbank va Poytaxt Mobile.

Ushbu xizmatdan foydalanish uchun mazkur kartaga SMS-xabarnoma xizmati oldindan ulangan bo‘lishi lozim.

07

Mobil raqamni o‘z nomimga qanday o‘tkazaman?

Agar telefon raqami boshqa odamning nomida bo‘lsa, uni aloqa kompaniyasiga bormasdan onlayn o‘z nomingizga o‘tkazishingiz mumkin.

Buning uchun my.gov.uz portaliga kirib, “Telefon raqamini qayta rasmiylashtirish” xizmatini tanlash kifoya. Qayta rasmiylashtirishda talabgor bilan birga raqamning hozirgi egasi ham ishtirok etadi.

Xizmatdan foydalanish pullik bo‘lib, uning miqdori mobil operatorlar belgilagan tariflarga bog‘liq. Shunday qilib, mobil raqamni 1−5 kun ichida o‘z nomingizga o‘tkazishingiz mumkin.

08

Agar firibgarlik baribir sodir bo‘lsa-chi?

Bank ilovalarida “Firibgarlik haqida xabar berish” tugmasi paydo bo‘ladi. Agar mijoz firibgarlik qurboni deb topilsa, bank “soxta” kredit bo‘yicha foiz, jarima va penyalar hisoblashni, shuningdek qarzdorlik undirishni darhol to‘xtatishi shart.

Agar bank bunday kreditni yopish uchun mijoz hisobidan mablag‘ yechib olgan bo‘lsa, pul sud qarori kuchga kirganidan keyin 15 kun ichida kartaga qaytariladi.