O‘zbekistonda bir qator shartlar bajarilgan taqdirda umumiy ovqatlanish korxonalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i nolga tenglashtirilishi mumkin. Bu haqda 21-aprel kuni umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma‘lum qilindi.
Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatovning aytishicha, qo‘mita xorijiy davlatlar, jumladan, Rossiya tajribasini o‘rganmoqda. Xususan, Rossiyada umumiy ovqatlanish korxonalari uchun uchta shartga rioya qilingan taqdirda nol foizli QQS stavkasi amal qiladi: o‘tgan yilgi daromad — 3 mlrd rublgacha, umumiy ovqatlanish xizmatlaridan tushum — kamida 70%, xodimlarga to‘lanadigan o‘rtacha oylik ish haqi esa sohadagi hududiy o‘rtacha ish haqidan past bo‘lmasligi kerak.
“Nol foizli QQSni qo‘llash uchun tadbirkor o‘z zimmasiga majburiyat oladi. ‘Men 10 mln so‘m pul topshiraman, 20 ta odamga oylik beraman‘, deydi, belgilangan stavkadan kamaytirmagan holda. Agar bunday qilmasa, bizda 12% [QQS] to‘laydi. Agar bizning tadbirkorlarimiz ko‘pi „ha“ deydigan bo‘lsa, biz bu narsani qo‘llashimiz mumkin. Ya‘ni, ikki xil tarifni qo‘llash uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritishimiz mumkin”, — dedi Pulatov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar QQSning odatiy va imtiyozli stavkalaridan birini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nol foizli stavkani qo‘llash uchun aylanma va xodimlar soni bo‘yicha minimal talablarni bir vaqtda bajarish zarur. Bunday holda faqat ijtimoiy soliq (12%) va foyda solig‘i (15%) saqlanib qoladi.
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning ta‘kidlashicha, minglab turli soliq imtiyozlaridan faqat uchtasigina maqsadli xususiyatga ega. U belgilangan majburiyatlarni bajarish evaziga biznesga imtiyozlar taqdim etishni taklif qildi.
“Buni maslahatlashib ko‘ringlar. Bu ochiq muloqot bo‘lganligi uchun aytyapmiz. Bo‘ladigan bo‘lsa, Agar iloji bo‘lsa, yig‘ilib, yana bir bor [muhokama qilaylik] va sinov tariqasida ishga tushirib ko‘raylik. Agar ish bersa, hammaga ma‘qul kelsa — qilamiz, aks holda — yo‘q. Biz xorijiy mamlakatlar tajribasini aytyapmiz xolos”, — deya so‘ziga yakun yasadi Farrux Pulatov.
Spot, avvalroq, Soliq qo‘mitasi raisi umumiy ovqatlanish korxonalarini biznesni bo‘lmaslikka chaqirgani haqida yozgandi.