Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov biznesni bo‘lmaslikka chaqirdi va buning uchun jarimalar qo‘llanilishidan ogohlantirdi. Bu haqda 21-aprel kuni umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma‘lum qilindi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentda 419 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyat yuritmoqda. Ularning ta‘sischilari o‘z nomiga yoki xodimining nomiga YTT ro‘yxatdan o‘tkazib, kassa cheklarini o‘sha YTT nomidan beradi va shu tariqa haqiqiy aylanmani yashiradi.
“Biz bularni ko‘rib, bilib turibmiz hammasini. Ya‘ni o‘zining korxonasidan xarajat qilmayapti-da, yakka tartibdagi tadbirkordan chekini berib yuboryapti. U QQS to‘lamaslik uchun biznesni bo‘lish bilan shug‘ullanyapti. Shuning uchun sizlardan ham iltimos bo‘ladi, bunaqa narsa qilmanglar. Buni ko‘rib, bilib turibmiz hamma joyda. Ertaga tekshirish borgandan keyin xafa bo‘lasizlar. Shuning uchun iltimos, qonuniy ishlanglar”, — deya ta‘kidladi Farrux Pulatov.
Uning qayd etishicha, agar tadbirkor chek bermasa, bu biznesni bo‘lish va tushumni yashirish holati hisoblanadi. Shu bilan birga, soliq organlari xodimlariga avvaliga ogohlantirish berish topshirilgan. “Agar buni eshitmasa, keyin jarimasi ham katta bo‘ladi”, — dedi u.
O‘z navbatida, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov profilaktik suhbatlar o‘tkazish uchun 419 ta umumiy ovqatlanish korxonasi ro‘yxatini taqdim etishni so‘radi. Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev bu ro‘yxatni berishini aytdi.
“Hozir mana shu joyda ham, kimligini aytib o‘tirmayman, savol bergan tadbirkorlarimizning o‘zi ham 1,3 mln so‘m oylik hisoblab, bir kishi ko‘rsatib yurganlar bor-da ichimizda. Hozir shuni ochib, ko‘rsatmoqchi ham bo‘lishdi, lekin keyin bunday qilmaslik to‘g‘ri bo‘ladi, degan qarorga kelishdi. Xullas, biz sizga o‘sha tadbirkorlarning ro‘yxatini taqdim etamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Spot, avvalroq, restoran va mehmonxonalarda spirtli ichimliklarni naqd pulga sotib olishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.