Humo xokkey klubi O‘zbekistonda va xorijda yirik homiy qidirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi (O‘XF) vitse-prezidenti Bahodir G‘ofurovga tayanib, TASS xabar berdi.

“Biz ayni damda yirik homiy yoki hatto bir nechta shunday homiylarni izlash jarayonidamiz. Bu Rossiya kompaniyasi bo‘lishi ham mumkin. Albatta, agar bunday kompaniya yoki uning egalari sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lmasa. Mamlakatimizda ham kim shunday hamkor bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqyapmiz”, — deya ta‘kidladi sport funksioneri.

Joriy mavsumda Humo O‘zbekiston chempionatida ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘tgan yili Pro Hokei Ligasy‘da (Qozog‘iston chempionati) o‘ynab, yarim finalgacha yetib borgan edi. Shu bilan birga, G‘ofurov klubning Qozog‘iston ligasiga qaytishi mumkinligini istisno etmadi. Bunday holda, har ikki mamlakat bozorlariga qiziqish bildirgan Qozog‘iston yoki O‘zbekiston kompaniyasi homiylik qilishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Humo yana bir bor “ketayotgan poyezdning so‘nggi vagoniga sakrab chiqib, hamma ishni so‘nggi pallada uddalashiga” to‘g‘ri keladi. Xuddi shunday holat 2019-yilda xokkey klubi Butunrossiya xokkey ligasiga kirganida yuz bergan, keyin esa Pro Hokei Ligasy‘dagi ishtiroki oldidan takrorlangan edi.

“Bu yil tayyorgarlik jarayonini hech bo‘lmaganda may oyida boshlashni, moliyalashtirish masalasiga oydinlik kiritishni, jamoani yig‘ishni va mavsumga hozirlik ko‘rishni istagan bo‘lardik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Humo va Xokkey federatsiyasi haqida nimalar ma‘lum?

KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Humo Xokkey Klubi MCHJ 2018-yil yanvar oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 7 mln so‘m bo‘lgan kompaniya “ommaviy axborot vositalarida reklama taqdim etish” bilan shug‘ullanadi. Ta‘sischilari — Wind Rose (99%) va Ahmedjonov Ravshan Rustamovich (1%), rahbari esa Saxapova Elvira Kamilovna hisoblanadi.

O‘z navbatida, “dam olish va ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha boshqa faoliyat” bilan shug‘ullanuvchi Wind Rose to‘liqligicha Fozilov Baxtiyor Shuhratovichga tegishli. Uning rahbari sifatida Fozilov Said Amir Baxtiyorovich ko‘rsatilgan.

Humo saytida xokkey klubining bosh hamkorlari Enter Engineering va Eriell ekanligi qayd etilgan. Boshqa hamkorlar qatorida Beeline Uzbekistan (raqamli hamkor), Uzbekistan Airways, Yandex Eats, NEO Insurance va YouChip bor.

Mart oyida hukumat Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalar guruhining nomutasasib aktivlarini sotishi ma‘lum bo‘ldi. Kompaniyalar guruhi 38,7 ming nafar xodim oldida $131 mlnlik ish haqi bo‘yicha qarzdorlikka ega edi.

Gazeta‘ga ko‘ra, o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilov O‘zbekistondagi bir qator yirik kompaniyalar, jumladan, Sanoat Energetika Guruhi Enera, Eriell Group, Enter Engineering, Samarkand Touristic Centre va Air Marakandaning rahbari yoki aksiyadori hisoblanadi.

baxtiyor fozilov, enter engineering, eriel, humo, xokkey

Bundan tashqari, Baxtiyor Fozilov 2018-yil mart oyida tashkil etilgan O‘zbekiston xokkey federatsiyasi prezidenti lavozimini egallab kelmoqda. O‘XF vitse-prezidenti Bahodir G‘ofurov, ayni vaqtda, uning Air Samarkand (Sam Air) aviakompaniyasidagi biznes hamkori bo‘lib, ularning ulushlari mos ravishda 49% va 51% nisbatda taqsimlangan.

O‘z navbatida, Enter Engineering va Eriell O‘zbekiston xokkey federatsiyasining ham hamkorlari sanaladi.

2025-yilning may oyida Humo klubi xokkeychilari Shavkat Mirziyoyevga jamoaviy murojaat yo‘llab, unda Humo Xokkey Klubi MCHJ tomonidan ish haqi to‘lovlari bir necha oydan beri kechiktirilayotganidan shikoyat qilgan va barcha qarzdorliklarni to‘lab berishni so‘ragan.

Sportchilar, shuningdek, ushbu masala yuzasidan O‘XF vitse-prezidenti Bahodir G‘ofurovga bir necha bor murojaat qilganlarini, biroq javob sifatida “quruq va‘dalardan boshqasini” olmaganlarini qayd etgan.

baxtiyor fozilov, enter engineering, eriel, humo, xokkey

Spot, avvalroq, Yangi Toshkentda qiymati $100 mlnlik futbol stadioni qurilishi boshlangani haqida yozgandi.