Avvalroq 24-aprel kuni prezident raisligida birinchi chorak yakunlari va qolgan davrda qilinadigan ishlar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda sanoat va eksport masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur, Sergeli tumanlari sanoat rejasiga chiqa olmagani tanqid qilindi.

Ushbu 13 ta tuman hokimiga rejaga qancha yetmaganiga qarab, intizomiy jazo chorasini ko‘rish topshirildi.

Ichki bozorda mis taklifi ko‘paytirilgan bo‘lsa-da, qayta ishlash oyiga 6 ming tonnadan oshmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda birinchi chorakda elektrotexnika sohasida sanoat o‘sishi prognozdagi 11,2% o‘rniga 7,8% ga, eksport rejasi bor-yo‘g‘i 57% ga bajarildi.

Elektrotexnika eksporti uchun $100 mln resurs berib, aylanma mablag‘ga garovsiz kredit ajratish imkoniyati yaratildi. Lekin birorta bank ushbu shartlarda kredit ajratmaganiga e‘tiroz bildirildi.

Mutasaddilarga ishlab chiqarishi, eksporti kamaygan har bir korxonaga borib, eksportini moliyalashtirish, investitsiya loyihasi bo‘yicha qanday masalasi bo‘lsa, joyida hal qilish topshirildi.

Ikkinchi chorak yakuni bilan sohada ishlab chiqarishni 25 trln so‘mga, eksportni $1 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Ko‘p davlatlar mahsuloti raqobatdosh bo‘lishi uchun sanoat va servisda Kayzen, lean production kabi resurs samaradorligi va mehnat unumdorligini oshiradigan progressiv usullarni qo‘llayotgani aytildi.

Mamlakatdagi 50 ga yaqin tadbirkorlar buni chet elda ko‘rib kelib, korxonasida joriy qilishni boshladi.

“Lekin, bu kam. To‘qimachilik, qurilish materiali, elektrotexnika, mebel kabi drayver sohalardagi uyushmalar nega buni ommalashtirishni o‘ylamaydi? Tadbirkorga tushuntirib, „diagnostika“ xarajatining bir qismi qoplab berilsa, unumdorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit ajratsa bo‘ladi-ku!” — dedi prezident.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu yil 100 ta korxonada samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or dasturlarni joriy qilish, bunga $30 mln grant jalb qilish topshirildi.

So‘nggi olti oyda 908 ta tadbirkor $3,6 mlrdlik shartnoma tuzib, hamkorlarda vaziyat o‘zgargani uchun hali eksportni boshlay olmagani qayd etildi. Ayrim hokimlar ularga yordam berish o‘rniga vaziyatni o‘z holiga tashlab qo‘ygani tanqid qilindi.

Oqibatda birinchi chorakda eksport Norin, Kasbi, Sherobod, Yozyovon va Denovda 2 karradan ziyod kamaygan. Shahrisabz, Uchquduq, Parkent, Toshkent tumanlari, Jizzax, Navoiy, Namangan, Angren, Bekobod va Nurafshon shaharlarida esa 70% ga ham yetmagan.

Ushbu tuman hokimlari birinchi yarim yillikda o‘sishni ta‘minlamasa, xulosa qattiq bo‘lishi qayd etildi.

Umuman, hozirgi sharoitda eksportchilarni yangi bozor topish, aylanma mablag‘, sertifikat, logistika kabi masalalarini kompleks hal qilish bo‘yicha yagona yondashuv bo‘lishi kerakligi ta‘kidlandi. Bu borada natijaga yo‘naltirilgan yaxlit tizim qilish yuzasidan taklif kiritish topshirildi.

Spot, avvalroq, prezident yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni tumanbay tashkil etishni topshirgani haqida yozgandi.