Toshkentdagi Dudek Restobar mualliflik va turdosh huquqlarni buzgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Vazirlik Eurasian Broadcasting Enterprise Limited kompaniyasiga tegishli Setanta Sports telekanalining restoranda ruxsatsiz namoyish etilgani bo‘yicha murojaatni ko‘rib chiqqan.
Tekshiruv davomida Dudek Restobar mazkur kontentdan huquq egasi yoki vakolatli shaxs ruxsatisiz, tegishli shartnoma tuzmasdan foydalangani aniqlangan.
Holat yuzasidan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ning 177¹-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan.
Yakkasaroy tuman sudi qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan jarima jazosi tayinlangan.
Qonunchilikka ko‘ra, muallif yoki huquq egasi zarar undirish o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha (8,24 mln so‘mdan 412 mln so‘mgacha) miqdorda tovon puli talab qilish huquqiga ega.
Yanvar oyida Navoiyda onlayn platformalarda ruxsatsiz reklama joylashtirgan mehmonxona jarimaga tortilgandi.
Spot, avvalroq, Imudon brendiga o‘xshash kontrafakt dori ishlab chiqargan korxona jarimaga tortilgani haqida yozgandi.