Prezident tanqididan so‘ng 44 ta elektr tarmoq korxonasi rahbarlari ishdan olindi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yil 24-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida energiya samaradorligini oshirish va elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish masalalari tanqidiy muhokama qilingan edi.
Yig‘ilishda elektr yo‘qotishlari 20% dan yuqori bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalaridagi holat keskin tanqid qilinib, bu borada mas’ul rahbarlarning javobgarligini kuchaytirish zarurligi qayd etilgandi.
Shu munosabat bilan, xulosa chiqarmagan rahbarlarni zudlik bilan ishdan olish, ularning o‘rniga yosh kadrlarni tayinlash hamda yo‘qotishlarni kamida ikki barobar qisqartirish bo‘yicha aniq KPI belgilash zarurligi ta’kidlangan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Hududiy elektr tarmoqlarida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va hududiy elektr hamda gaz korxonalari ishtirokida energiya samaradorligi va yo‘qotishlarni kamaytirish ishlari tanqidiy tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi.
Xususan, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida hududlarda ishchi guruhlar tashkil etildi.
Ular tomonidan jami 106 140 ta transformator punktining texnik holati o‘rganilib, 25 668 tasi ta’mirtalab ekani aniqlandi va ayni paytda ularni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, yuqori yuklamaga ega tarmoqlarda simlarni almashtirish, zarur hududlarda tarmoqlarni tezkor modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, shuningdek, noqonuniy holatlarning oldini olish choralarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish loyihasini jadallashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Elektr energiyasi yo‘qotishlari 20% dan yuqori bo‘lgan hududlar kesimida Hududiy elektr tarmoqlarining Andijon filialidagi 14 ta, Jizzax filialidagi 7 ta, Samarqand filialidagi 10 ta, Qashqadaryo filialidagi 4 ta, shuningdek Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona filiallaridagi 2 tadan tuman (shahar) elektr korxonalari rahbarlari lavozimidan ozod etildi.
Gaz ta’minoti masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham tanqidiy ko‘rib chiqilib, bu borada jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filiali rahbarini ishdan olish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yoz va kuz-qish mavsumlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, mavjud muammolarni oldindan bartaraf etish hamda gaz quyish shoxobchalarini “UGaz” tizimiga ulash ishlarini qisqa vaqtda yakunlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, gaz ta’minoti tizimining barqaror ishlashini ta’minlash va aholiga uzluksiz, sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa etib belgilandi.