Rossiyaning Maks messenjeri App Store’dan yo‘qolib qoldi. Uning Apple ilovalar do‘konidan g‘oyib bo‘lgani haqida messenjer matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Maks messenjerini qolgan ilovalar do‘konlaridan hamon o‘rnatish mumkin.
“Foydalanuvchilarning smartfonlariga avvalroq o‘rnatilgan ilova odatdagi tartibda ishlashda davom etadi. MAX jamoasi Apple’ga tushuntirish so‘rab murojaat qildi va muammoni tezkorlik bilan hal etish ustida ishlamoqda”, — deyiladi xabarda.
Max — bu 2025 yil mart oyida VK kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Rossiyaning milliy muloqot va “super-ilova” (superapp) platformasi. Unda matnli va ovozli chatlar, video qo‘ng‘iroqlar, fayl almashish (4 GB gacha), chat-botlar, mini-ilovalar va GigaChat 2.0 AI-assistent kabi funksiyalar mavjud. Undan shuningdek Rossiya tez to‘lov tizimi (SBP) orqali pul o‘tkazish amalga oshiriladi.
1-sentabrdan boshlab Rossiyada sotiladigan barcha yangi smartfon va planshetlarga Max oldindan o‘rnatilishi majburiy qilindi.
Ilova orqali fuqarolar “Gosuslugi” (Davlat xizmatlari) portali orqali elektron identifikatsiya, imzo, to‘lovlarni amalga oshirish, hujjat imzolash kabi xizmatlar bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘ladi. Hukumat muassasalari va ta’lim muassasalari chatlarini MAX’ga ko‘chirish choralarini ko‘rmoqda.
2026-yil mart oyiga kelib servisda 100 mln foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgani e’lon qilindi. Aprel oyida esa ilova nomi “Max"dan “Maks"ga o‘zgartirildi.
Avvalroq Spot Rossiyada migrantlarga Max messenjerini o‘rnatishni majburiy qilish taklif qilingani haqida yozgandi.