Avvalroq Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi kutilmasini “barqaror"dan “ijobiy"ga o‘zgartirib, uni “BB” darajasida tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.
Spot Fitch sharhi bilan tanishib chiqib, agentlikning asosiy maʼlumotlarini taqdim etadi.
Islohotlar va xususiylashtirish
Fitch bozor samaradorligi va davlat boshqaruvi sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini amalga oshirishda sezilarli yutuqlarga erishilganini qayd etmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021−2025-yillarda qariyb $5,1 mlrdlik davlat aktivlari xususiylashtirildi, shundan $1,6 mlrd faqat 2025-yilning o‘ziga to‘g‘ri keladi. Davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan davlat korxonalari soni qisqarishda davom etmoqda.
“Mamlakat hukumati keng ko‘lamli islohotlar dasturini amalga oshirishda olg‘a siljimoqda. Islohotlar xususiylashtirish orqali bozor samaradorligini oshirish, pul-kredit siyosati transmissiya kanallari sifatini yaxshilash hamda budjetni boshqarish samaradorligi va budjet siyosati shaffofligini oshirishga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.
13 ta asosiy davlat korxonasida ulushga ega bo‘lgan Milliy investitsiya jamg‘armasi may oyida xalqaro kapital bozorlariga chiqdi. Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun subsidiyalarning yana-da qisqarishi kutilmoqda — 2023-yildagi YIMga nisbatan qariyb 1,4% dan 2026-yilda taxminan 0,3% gacha kamayadi.
Iqtisodiy o‘sish
O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur‘atlarini saqlab qolmoqda. Agentlik prognoziga ko‘ra, 2026-yilda YIM 6% ga o‘sadi va 2027−2028-yillarda 6,3−6,4% gacha tezlashadi. Islohotlar, xomashyoga bo‘lgan talab va mehnat migrantlaridan keladigan barqaror pul o‘tkazmalari asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib qolmoqda.
Fitch Erondagi urush bilan bog‘liq mo‘tadil xavflarni qayd etgan: importning taxminan 8%i va eksportning 4%i Eron portlari orqali o‘tadi, biroq Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo hajmi minimal darajada. Rossiyaga qaramlik sezilarli darajada saqlanib qolmoqda — eksportning 12,8%i va mehnat migrantlari o‘tkazmalarining qariyb 70%i uning hissasiga to‘g‘ri keladi.
Budjet va davlat qarzi
Budjet holati barqaror deb baholanmoqda. 2025-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YIMning 2,1% ini tashkil etdi, bu 3% lik mo‘ljaldan pastdir. Budjet daromadlari rejalashtirilgan ko‘rsatkichlardan oshdi: soliq tushumlari — 11% ga, boshqa daromadlar esa 35% ga ko‘paydi, bunga qisman oltinning yuqori narxlari ham sabab bo‘ldi.
2027−2028-yillarga kelib davlat qarzining YIMga nisbati 28% darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda — bu davlat qarzi uchun belgilangan 60% lik chegaraviy darajadan va BB suveren kredit reytingiga ega mamlakatlar uchun 53% lik medianadan ancha pastdir.
“Davlat qarzi darajasi budjet taqchilligining pastligi va iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur‘atlari hisobiga BB toifasi medianasidan sezilarli darajada past bo‘lib qoladi”, — deya qayd etadi Fitch.
Valyuta zaxiralari va tashqi pozitsiya
Mamlakatning valyuta zaxiralari barqaror o‘sib bormoqda. Fitch prognoziga ko‘ra, ular 2025-yildagi $66 mlrddan 2026-yilda $71 mlrdga yetadi. Import bo‘yicha tashqi to‘lovlarni qoplash muddati taxminan 12 oyni tashkil etadi — bu qiyosiy mamlakatlar uchun medianadan deyarli ikki baravar yuqoridir. Zaxiralarning asosini oltin tashkil etadi — uning ulushi qariyb 83% ga teng.
“Katta hajmdagi valyuta zaxiralari tashqi to‘lovlarni qoplashning yuqori darajasini ta‘minlaydi — bu BB toifasi uchun joriy medianadan deyarli 2,5 baravar yuqori”, — deyiladi press-relizda.
Shu bilan birga, agentlik iqtisodiyotning xomashyo sektoriga sezilarli darajada bog‘liqligini ta‘kidlaydi. 2025-yilda tovar eksportida oltinning ulushi 41% ga yetdi, bu esa tashqi balanslarni xomashyo narxlarining tebranishiga nisbatan zaif qilib qo‘yadi. Fitch iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur‘atlari fonida import hajmining ortishi bilan joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi oshishini kutmoqda. Savdo taqchilligini birlamchi va ikkilamchi profitsitlar yumshatishi kerak.
O‘zbekistonning tashqi sof kreditor sifatidagi pozitsiyasi ijobiy bo‘lib qolmoqda: agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, u 2026-yilda YIMning qariyb 21% ini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2020-yildagi 44% dan pasaygan bo‘lsa-da, mamlakatni BB toifasi medianasi fonida ijobiy tomondan ajratib turadi.
Inflyatsiya va bank sektori
Inflyatsiya asta-sekin pasaymoqda: 2026-yil aprel oyida iste‘mol narxlari (asosan xizmatlar sohasida) yillik hisobda 7% ga o‘sdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 10,1% ni tashkil etgan edi. Markaziy bankning o‘rta muddatli istiqboldagi maqsadi — 5%. Asosiy stavka 14% darajasida saqlanib qolmoqda.
Bank sektori rentabellik darajasi pastligiga qaramay, barqarorligicha qolmoqda: kapital yetarliligi ko‘rsatkichi 18,3% ni tashkil etadi, valyutadagi kreditlar ulushi 2023-yil oxiridagi 45% dan 2025-yil oxiriga kelib 39,2% gacha pasaydi, depozitlardagi dollarizatsiya darajasi esa 2020-yil boshidagi 40% dan 21% gacha qisqardi.
“Darajasi pasayib borayotgan bo‘lsa-da, dollarizatsiya monetar siyosatning ta‘sirchanligi borasida hamon muammo bo‘lib qolmoqda”, — deya ta‘kidladi Fitch vakillari.
Reytingni nima o‘zgartirishi mumkin?
Fitch Ratings reyting pasayishining asosiy xavfi sifatida islohotlarning sekinlashishini ko‘rmoqda. Tarkibiy o‘zgarishlar sur‘ati pasaysa, agentlik o‘rta muddatli o‘sish prognozini qayta ko‘rib chiqishi va uni “barqaror” darajasiga qaytarishi mumkin.
Qo‘shimcha risklar tashqi omillar bilan bog‘liq: xomashyo narxlarining uzoq muddat pasayishi yoki mehnat migrantlaridan pul o‘tkazmalarining qisqarishi savdo taqchilligini oshirishi va valyuta zaxiralarini zaiflashtirishi mumkin.
Shuningdek, Fitch iqtisodiyot sekinlashganda, budjet siyosati yumshatilganda, so‘m keskin devalvatsiyaga uchraganda yoki davlat korxonalarining yashirin majburiyatlari yuzaga chiqqanda qarz yuki ortishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Reytingni oshirish uchun agentlik bir necha yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlarni kutmoqda. Islohotlarning barqaror davom ettirilishi makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashi va budjet ko‘rsatkichlarini yaxshilashi kerak. Davlat boshqaruvi sifatini oshirish zarurligi alohida qayd etilgan: hozirda O‘zbekiston Jahon banki indeksida atigi 33-foizlik o‘rinda joylashgan, bu esa yaxshilanish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini anglatadi.
Budjet konsolidatsiyasini davom ettirish va davlat moliyasi boshqaruvini takomillashtirish ham muhim bo‘lib, bu qarz yukiga nisbatan uzoq muddatli chidamlilikni oshiradi.
Spot, avvalroq, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilishi haqida yozgandi.