Avvalroq prezident raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Joylarda yil davomida intervensiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani sababli pishiqchilik paytida dalada kartoshka narxi tushib ketgani qayd etildi. Fermerlarda manfaatdorlik bo‘lmagani uchun 325 ming tonna kartoshka sotilmay turibdi.

Davlat rahbari kartoshkani fermerlar foyda ko‘radigan narxda zaxiraga olib, taqchillik paytida bozorga chiqarish orqali narxni barqaror ushlash zarurligini ta‘kidladi.

Yilning yarmi o‘tgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatida meva-sabzavotni saqlaydigan birorta ham sovitkichli ombor ishga tushirilmagani tanqid qilindi.

Yil yakunigacha 87 ming tonna quvvatga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Hokimlar bu yil oziq-ovqat jamg‘armalarini 2,5 barobar ko‘paytirib, 500 mlrd so‘mga yetkazishi kerak edi. Lekin ayrim hududlardan tashqari birorta hokim jamg‘armaga mablag‘ o‘tkazmagani aytildi.

Bosh vazir o‘rinbosariga uch kunda grafik tasdiqlab, hokimlarga oziq-ovqat jamg‘armalariga oyma-oy qancha mablag‘ tushirishini belgilab berish topshirildi.

Prezident global iqtisodiyotdagi hozirgi noaniqliklar qancha davom etishini hech kim oldindan ayta olmasligini qayd etdi. Asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy faollik sekinlashayotgani mahalliy korxonalarga, ayniqsa, eksportchilarga ta‘sir qilishi mumkin.

Shu sababli barcha rahbarlar har qanday xatarlarni hisobga olgan holda o‘z zaxiralarini safarbar qilishga tayyor bo‘lishi shartligi ta‘kidlandi.

Barcha tarmoq va hududlarga “aql markazlari” biriktirilgan. Endi Iqtisodiy kengash va 9 ta yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etiladi.

Ishchi guruhlar “aql markazlari” bilan birga 15-avgustgacha tarmoq va hududlar kesimida ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqadi. Bu takliflar resurs — infratuzilma — loyiha — ishlab chiqarish — budjetga tushum — eksport zanjirini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirishga qaratilgan bo‘ladi.

Davlat rahbari 2027-yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, budjet, investitsiya va eksport dasturlari mutlaqo yangicha yondashuv — “safarbarlik ssenariysi” asosida tayyorlanishi kerakligini ta‘kidladi.

Spot, avvalroq, go‘sht importini samolyotda tashish bo‘yicha imtiyoz yil oxirigacha uzaytirilishi haqida yozgandi.