Toshkent viloyatida viloyat va mahalliy darajadagi lavozimlarga bir qator yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Jahongir Mamajonov viloyat hokimining o‘rinbosari — investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. U iqtisodiyot, moliya hamda xalqaro iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha oliy ma’lumotga ega.
Tayinlovga qadar u AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan JM Group kompaniyasining bosh direktori lavozimida ishlagan.


Ruslan Kunarov viloyat hokimining sanoat korxonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Lavozim prezident qarori bilan Toshkent viloyati uchun maxsus tashkil etilgan.
Kunarov (1986-yilda tug‘ilgan) soliq va soliqqa tortish yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega. U bunga qadar Yangiyo‘l tumanidagi Bio Korm kompaniyasida ishlab chiqarish bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan.
Olmaliqning sobiq hokimi Qobil Hamdamov boshqa lavozimga o‘tgan Ilhom Qilichxonov o‘rniga Nurafshon hokimi etib tayinlandi. O‘z navbatida, viloyat ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Barhayot Meliyev Olmaliq hokimi bo‘ldi.

Iskandar A’zamxo‘jayev Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bungacha u Toshkent-AERO bojxona majmuasini boshqargan.
Shuningdek, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlarini rivojlantirish agentligi huzuridagi Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha viloyat loyiha ofisiga Dilshod Rasulov rahbar etib tayinlandi. U bunga qadar viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha yordamchisi bo‘lgan.

Doniyor Abdujalilov O‘zbekiston Hisob palatasining viloyat hokimligi huzuridagi vakili etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Iqtisodiyot va moliya vazirligi Raqamli texnologiyalarni muvofiqlashtirish departamenti bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning 35 ta shahar va tumanida soliq inspeksiyalari rahbarlari almashgani haqida yozgandi.

