Rossiyada Visa va Mastercard to‘lov tizimlari kartalarini muomaladan chiqarish jarayoni boshlanadi. Bu haqda mamlakatdagi ichki to‘lovlarni ta’minlovchi Milliy to‘lov kartalari tizimi (MTKT) ma’lum qildi.
Ushbu maqsadga erishish uchun xalqaro to‘lov tizimlari kartalariga nisbatan banklararo komissiya (intercheynj) stavkalarini pasaytirish rejalashtirilmoqda.
Gap xaridor kartasini chiqargan bankning sotuvchi bankidan oladigan to‘lovlari haqida ketmoqda.
2027-yil boshidan banklararo komissiya stavkasini 1% gacha pasaytirish, 2028-yil boshidan esa nolga tenglashtirish ko‘zda tutilgan. Shunday qilib, banklarga Visa va Mastercard kartalari bilan ishlashni davom ettirish manfaatli bo‘lmay qoladi.
Visa va Mastercard Rossiyani tark etgach, MTKT ularning kartalari uchun banklararo komissiya stavkasini o‘zgartirmagani xabar qilingan edi.
MTKTda ta’kidlanishicha, bu qaror Rossiya banklariga “karta egalari uchun amaldagi kredit va sodiqlik dasturlarini saqlab qolish” imkonini beradi.
Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlangani sababli xorijiy to‘lov tizimlari Rossiyadan chiqib ketganidan so‘ng, mamlakat banklari Visa va Mastercard kartalarining ishlash muddatini uzaytirdi yoki ularni muddatsiz qildi.
2025-yilning kuzida MTKT rahbari Dmitriy Dubinin amal qilish muddati tugagan Visa va Mastercard kartalari ishini cheklash kerakligini aytgan edi.
U buni 2025-yil 1-yanvardan boshlab bunday kartalar chiplaridagi xavfsizlik sertifikatlari amal qilishini to‘xtatgani bilan izohladi.
Rossiya Markaziy banki o‘shanda mamlakat banklari tomonidan chiqarilgan Visa va Mastercard ishlashda davom etishiga va kartalarni o‘chirish bo‘yicha “keskin qadamlar” bo‘lmasligiga ishontirgan edi.
Avvalroq Spot Britaniya banklari Visa va Mastercard’ning muqobilini yaratishi mumkinligi haqida yozgandi.