WhatsApp uzoq kutilgan @username formatidagi foydalanuvchi nomlari funksiyasini ishga tushirishini e’lon qildi.
Xizmatning rasmiy blogida ma’lum qilinishicha, yangilik 2026-yil oxirigacha to‘liq joriy etiladi. Biroq foydalanuvchilar hozirdanoq o‘zlariga yoqqan username’larni band qilib qo‘yishlari mumkin.
WhatsAppdagi username’lar odatiy tamoyil asosida ishlaydi: telefon raqami o‘rniga noyob foydalanuvchi nomidan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Bu kontaktlarni shaxsiy telefon raqamini ulashmasdan topish va qo‘shish imkonini beradi. Birinchi muloqotda suhbatdoshga telefon raqami emas, faqat tanlangan username ko‘rinadi, bu esa yozishmalar maxfiyligini yanada oshiradi.
Bu funksiya uzoq vaqt davomida sinovdan o‘tkazilgan va endi kompaniya uning ishga tushirilishini rasman tasdiqladi. Hozircha foydalanuvchilar username’ni oldindan band qilib qo‘yishlari mumkin.
Buning uchun ilovaning yangilangan versiyasida Sozlamalar — Hisob — Foydalanuvchi nomi (Username) bo‘limiga o‘tish kerak. Agar tanlangan username bo‘sh bo‘lsa, uni band qilish mumkin. Aks holda, xizmat boshqa mos variantlarni taklif qiladi.

Yangi funksiya nafaqat oddiy foydalanuvchilar, balki biznes uchun ham mo‘ljallangan. Kompaniyalar, kichik biznes vakillari va kontent mualliflari Instagram va Facebook kabi Meta ekotizimidagi akkauntlari bilan bir xil username’ni band qilishlari mumkin bo‘ladi.
Bu esa foydalanuvchilarga WhatsApp ichida brendlarni topish va ular bilan bog‘lanishni ancha osonlashtiradi.
Funksiya bosqichma-bosqich joriy etiladi. Username’lar ma’lum bir hududda ishga tushirilganda, foydalanuvchilar bu haqda WhatsApp ilovasi orqali xabarnoma oladi. Funksiya to‘liq ishga tushirilgach, foydalanuvchi nomlari telefon raqamiga to‘laqonli muqobil bo‘ladi.
2025-yil iyunida messenjer ishlab chiquvchilari telefon raqamlari o‘rniga foydalanuvchi ismlaridan foydalanish funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Spot WhatsApp firibgarlikka qarshi yangi funksiyaga ega bo‘lishi haqida yozgandi.
Messenjer foydalanuvchilarni noma’lum kontaktlardan shubhali xabarlar haqida ogohlantiradigan Scam Alert funksiyasi ustida ishlamoqda.