Besqala Mining Valley maxsus mayning zonasi rezidentlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli nizom Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjat Besqala Mining Valley maxsus mayning zonasi faoliyatini olib borish, yuridik shaxslarni maxsus zona rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Maxsus zonaning hududi Qoraqalpog‘iston Respublikasining butun hududi hisoblanadi.

Faqatgina Qoraqalpog‘istonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar rezident bo‘lishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza taqdim etilgan kundan boshlab 30 kun ichida qabul qilinadi.

Maxsus zona hududida mayningni amalga oshirish uchun yagona elektr energetika tizimidan olinadigan elektr energiyasidan foydalanishga ruxsat etiladi.

Bunda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Qoraqalpog‘istonda mayning

2025-yil avgust oyida prezident Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlarini tasdiqlagandi. Jumladan, u “yashil” energiya manbalaridan foydalangan holda mayning uchun maxsus zona tashkil etish to‘g‘risidagi qaror loyihasini ishlab chiqishni topshirgan edi.

ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak oktabr oyida Qoraqalpog‘istondagi yirik texnologik loyihalar uchun preferensiya va imtiyozlar ko‘zda tutilishini ma‘lum qilgan. Xususan, u respublikadagi mayning sohasi vakillari uchun elektr energiyasiga imtiyozli tarif joriy etish rejalari borligini aytib o‘tgan.

ILMA joriy yil boshida Buxoro viloyati hududida NexaGrid xususiy kompaniyasiga kriptovalyuta mayningi uchun birinchi ruxsatnomani berdi. Mart oyida Kriptoaktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Asqarjon Zokirov ruxsatnoma berilganidan keyin sohaga qiziqish ortganini ta‘kidladi.

Aprel oyida prezident qarori bilan Qoraqalpog‘istonda maxsus mayning zonasi tashkil etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, Besqala Mining Valley hududida kripto-mayning faoliyatiga ruxsat beriladi, rezidentlarga esa 2035-yilgacha soliq imtiyozlari taqdim etiladi.

May oyida esa ILMA Besqala Mining Valley kriptovalyuta mayning zonasini ta’sis etish to‘g‘risidagi buyruq loyihasini e’lon qilgandi.


Spot, avvalroq, ILMA Unex Payments‘ga kripto-do‘kon faoliyati uchun litsenziya bergani haqida yozgandi.