LG so‘nggi kunlarda o‘zining smart televizorlari va o‘yin monitorlari sabab foydalanuvchilarning keskin tanqidiga uchradi, deya xabar berdi TechRadar nashri.
Bunga ikkita asosiy sabab — ayrim monitorlar Windows kompyuterlariga foydalanuvchi roziligisiz dasturlar o‘rnatayotgani hamda yangi webOS shartlarida televizor SI ovozli funksiyalari orqali yozib olingan suhbatlar uchun javobgarlik foydalanuvchining zimmasiga yuklanayotgani bo‘ldi.
Birinchi e’tiroz LG o‘yin monitorlari bilan bog‘liq. Foydalanuvchilarning aytishicha, monitor kompyuterga ulanganda Windows Update avtomatik ravishda LG Monitor App va ayrim hollarda McAfee Scam Detector dasturlarini o‘rnatmoqda.
Bu ilovalar tizimda keng ruxsatlarga ega bo‘lishi, reklama ko‘rsatishi va foydalanuvchi roziligisiz o‘rnatilishi sabab norozilikka sabab bo‘lgan.
Ikkinchi bahsli masala LG smart televizorlarining yangi foydalanish shartlarida paydo bo‘ldi. Unda AI ovozli xizmatlaridan foydalanilganda televizor foydalanuvchi va atrofdagi odamlarning ovozini “yozib olishi va qayta ishlashi mumkinligi” qayd etilgan.
Shuningdek, foydalanuvchi uyiga kelgan mehmonlarni suhbatlari yozib olinishi mumkinligi haqida oldindan ogohlantirishi kerakligi ham yozilgan.
Bu talab ayrim mamlakatlardagi suhbatlarni yozib olishga oid qonunlarga rioya qilish uchun kiritilgani aytilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday bandlar LG televizorlari doimiy ravishda barcha suhbatlarni sun’iy intellektni o‘qitish uchun yozib oladi degani emas.
Ovozlarni qayta ishlash SI ovozli boshqaruv funksiyalari ishlatilganda amalga oshirilishi mumkin. Biroq kompaniyaning shaffoflik darajasi va foydalanuvchilarga yuklangan huquqiy majburiyatlar ko‘plab savollarni keltirib chiqargan.
Mavzu Reddit va YouTube kabi platformalarda ham keng muhokama qilinmoqda. Ayrim foydalanuvchilar internetga ulamaslik yoki SI ovozli funksiyalarini o‘chirib qo‘yishni tavsiya qilmoqda.
Biroq bu televizorning ayrim smart imkoniyatlarini cheklaydi. Xabar e’lon qilingan paytda LG mazkur tanqidlar yuzasidan rasmiy izoh bermagani aytilgan.
Avvalroq Spot Texasda smart-televizor ishlab chiqaruvchi kompaniyalar sudga berilgani haqida yozgandi.
Gap Sony, Samsung, LG, Hisense va TCL kompaniyalari haqida ketayotgan bo‘lib, ular tomoshabinlar haqidagi ma’lumotlarni yashirincha to‘plash va sotishda ayblanmoqda.