O‘zbekistonda dollar kursi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

5-avgustdan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 11 942,21 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 47 so‘m 25 tiyinga pasaydi.

4-avgust holatiga ko‘ra, banklarda sotib olish kursi 11 985−11 880 so‘m, sotish kursi esa 12 045−11 990 so‘m oralig‘ida shakllangan. Dollarni eng yuqori narxda Universalbank (11 985 so‘m) xarid qilmoqda, eng arzon narxda esa Xalq banki (11 990 so‘m) sotmoqda.

Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab 20% ga oshib, $32 mlrdni, taklif esa 31% ga ko‘payib, $27,8 mlrdni tashkil etdi. Natijada valyuta bozoridagi taqchillik qariyb 24% ga kamayib, $4,2 mlrdga tushdi.

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijdan $9,3 mlrd pul o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% ko‘p.

Shu davrda mamlakatdan $1,33 mlrd mablag‘ yuborilgan bo‘lib, xalqaro pul o‘tkazmalarining ijobiy saldosi qariyb $8 mlrdni tashkil etdi. Bundan tashqari, aholi banklarga sotgan xorijiy valyuta hajmi xarid qilganidan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi.


Avvalroq O‘zbekistonda milliy to‘lov svitchini 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.