Shavkat Mirziyoyev davlat fuqarolik xizmatchilarining oylik ish haqi tizimi va mehnatga haq to‘lash shartlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda amaldagi mehnatga haq to‘lash tizimida saqlanib qolayotgan nomutanosibliklar tahlil qilindi.
Bugungi kunda davlat xizmatchilari ish haqi tarkibida lavozim maoshining ulushi 15% dan oshmaydi. Ish haqi fondining 70% gacha qismini xodimning aniq natijasiga bog‘lanmagan turli ustama, mukofot va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar tashkil qiladi.
Natijada bir xil lavozimda va o‘xshash vazifalarni bajarayotgan xodimlarning ish haqi o‘rtasida katta farq yuzaga kelgan. Ayrim vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari xodimlari viloyat, tuman va shahar hokimliklaridagi xuddi shunday lavozim egalari bilan solishtirganda tenglik prinsiplariga amal qilinmayotgani qayd etildi.
Mehnatga haq to‘lash tizimini tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas. Aksariyat davlat organlarida qo‘llanilayotgan mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha 50 dan ortiq alohida normativ hujjat amal qilmoqda.
Shu bois, davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lashning yagona, ochiq va natijaga asoslangan tizimini joriy etish taklif qilindi.
Yangi tizim bilan 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab olish ko‘zda tutilgan. Davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga, xodimlar esa bajaradigan vazifalariga qarab maʼmuriy boshqaruv, asosiy va qo‘llab-quvvatlash guruhlariga ajratiladi.
Xalqaro tajriba asosida 11 ta razryad va 6 ta pog‘onadan iborat yangi ish haqi setkasini joriy etish taklif qilindi. O‘ndan ortiq ustama va mukofotlar o‘rniga uchta asosiy rag‘batlantirish to‘lovi joriy etiladi.
Jumladan, malaka darajasi, xodimning funksional vazifalarni bajarishi, ijro va mehnat intizomi, tashabbuskorligi asosida baholanadigan samaradorlik ko‘rsatkichlari — KPI uchun ustama to‘lanadi.
Shuningdek, muhim va murakkab vazifalarni bajargan, innovatsion yondashuvlarni joriy etgan hamda yuqori natija ko‘rsatgan xodimlarga hisobot davri yakunlari bo‘yicha bonus to‘lovlari berish nazarda tutilmoqda.



Hududiy boshqarmalar xodimlarining ish haqi tegishli hokimliklardagi o‘xshash lavozimlar maoshidan yuqori bo‘lmaydi. Tuman va shaharlarda ish haqi hamda shtat birliklarini belgilashda aholi soni va hududning o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olinadi.
Har bir davlat xizmatchisi ish haqi qanday shakllanishi, qaysi natija uchun ustama yoki bonus olishini oldindan biladi. Bu xodimlarning samaradorligi, tashabbuskorligi va masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Davlat rahbari mehnatga haq to‘lash tizimida adolat va shaffoflikni taʼminlash, ish haqini xodimning malakasi, masʼuliyati hamda erishgan natijalari bilan bog‘lash muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, bonus to‘lovlari xodimning ilg‘or axborot texnologiyalarni, jumladan, sunʼiy intellekt, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirgani, tajriba va malakasini oshirgani kabi aniq mezonlar asosida to‘lanishi belgilandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln so‘mdan oshgani haqida yozgandi.


