Zumerlar (Zed avlod) xodimlarini sun’iy inrellekt bilan almashtirish kompaniyalarga qimmatga tushishi mumkin, deya xabar berdi The Times of India nashri.
AQSHning Massachusets texnologiya instituti (MIT) tadqiqotchisi, Raqamli iqtisodiyot tashabbusi hamraisi Endryu Makafi kompaniyalarni boshlang‘ich lavozimlardagi yosh xodimlarni sun’iy intellekt bilan almashtirishdan ogohlantirdi.
Uning fikricha, bu qisqa muddatda xarajatlarni kamaytirishi mumkin, ammo uzoq muddatda kompaniyalar uchun juda qimmat strategik xatoga aylanishi ehtimoli bor.
Makafining aytishicha, yangi bitiruvchilar va yosh mutaxassislar odatda faoliyatini oddiyroq vazifalardan boshlaydi.
Shu jarayonda ular tajribali xodimlardan o‘rganib, keyinchalik yuqori malakali mutaxassis va rahbarlarga aylanadi. Agar bu bosqich SI zimmasiga o‘tsa, kompaniyalar kelajakdagi malakali kadrlar zaxirasidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, murakkab bilim talab qiladigan ishlarni faqat nazariya orqali emas, balki tajribali mutaxassislarga yordam berish va amaliyotda qatnashish orqali o‘rganish mumkin. Shuning uchun boshlang‘ich lavozimlarni qisqartirish “shogirdlik zinapoyasi"ni buzadi.
MIT olimi yana bir jihatga e’tibor qaratadi: zumerlar sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishda boshqa avlodlarga qaraganda ancha faol. Shu sababli ularni ishga olmaslik kompaniyalarning SI bilan ishlash bo‘yicha ichki salohiyatini ham susaytiradi.
Qayd etilishicha, yosh xodimlar yangi texnologiyalarni tezroq o‘zlashtiradi va ularni amaliy jarayonlarga joriy etishda muhim rol o‘ynaydi.
Maqolada qayd etilishicha, SI sabab boshlang‘ich lavozimlarga talab pasaymoqda. Natijada yosh mutaxassislar orasida ish topish tobora qiyinlashmoqda. So‘rovlarga ko‘ra, bitiruvchilarning aksariyati sun’iy intellekt ularning ilk ish o‘rinlarini egallab olishidan xavotirda.
Shu bilan birga, ayrim yirik kompaniyalar aksincha, bitiruvchilarni yollash dasturlarini saqlab qolmoqda yoki kengaytirmoqda. Ularning fikricha, bugun yosh mutaxassislarga sarmoya kiritish kelajakdagi innovatsiyalar va malakali rahbarlar zaxirasini yaratadi.
MIT tadqiqotchisi SI insonlarni to‘liq almashtirishi kerak emasligini, ayniqsa boshlang‘ich lavozimlarda inson kapitaliga sarmoya kiritish muhimligini ta’kidlaydi.
Uning fikricha, qisqa muddatli tejamkorlik ortidan quvish kompaniyalarni kelajakda tajribali mutaxassislar, innovatsiyalar va raqobat ustunligidan mahrum qilishi mumkin.
Avvalroq sun’iy intellekt jahon moliya bozorlarida keskin qulashga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, SIga $7 trln sarmoya kiritilishi kutilmoqda. Ammo u kutilgan samarani bermasa, jahon moliya bozorlari qulash xavfi ostida qoladi.