O‘zbekistonda dollar kursi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

11-avgustdan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 11 934,61 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 17 so‘m 49 tiyinga pasaydi.

10-avgust holatiga ko‘ra, banklarda sotib olish kursi 11 950−11 880 so‘m, sotish kursi esa 12 010−11 970 so‘m oralig‘ida shakllangan. Dollarni eng yuqori narxda Asakabank, Garant bank, Mikrokreditbank va Universalbank (11 950 so‘m) xarid qilmoqda, eng arzon narxda esa APEX BANK va Tenge bank (11 970 so‘m) sotmoqda.

Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

2026-yilning yanvar-iyul yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz mustahkamlandi. Iyul oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 54,45 so‘m (0,45%) ga mustahkamlanib, kurs 12 006,39 so‘mni tashkil etdi.

Oy boshida dollar kursi 11 910 so‘mdan pasaygan bo‘lsa, keyinchalik tiklandi. Oyning ikkinchi yarmida kurs 12 100 so‘mdan oshib, 24-iyulda mahalliy eng yuqori darajaga chiqdi. Shundan so‘ng yana pasayib, oy oxirida 12 ming so‘mdan biroz yuqorida mustahkamlandi.

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijdan $9,3 mlrd pul o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% ko‘p. Shu davrda mamlakatdan $1,33 mlrd mablag‘ yuborilgan bo‘lib, xalqaro pul o‘tkazmalarining ijobiy saldosi qariyb $8 mlrdni tashkil etdi. Bundan tashqari, aholi banklarga sotgan xorijiy valyuta hajmi xarid qilganidan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi.