Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida safari turizmini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Loyiha Sayko‘l ko‘li bo‘yida tashkil etilib, uning doirasida 5 ta milliy o‘tov, ovqatlanish maskani, suvenirlar do‘koni, plyaj hududi, baliq ovlash joyi hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, sayyohlar uchun otda sayr qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Safari turlarini tashkil etuvchi turoperator tasarrufida 10 ta yo‘l tanlamas avtomobil mavjud. Ular orqali sayyohlarga cho‘l hududlarini tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.
Spot, avvalroq, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivada yoz mavsumida “siyesta” tizimini joriy etish taklif qilingani haqida yozgandi.