ChatGPT tomonidan yaratilgan hikoyalar o‘quvchilar tomonidan insonlar yozgan hikoyalarga qaraganda qiziqarliroq va sifatliroq deb baholangan, deb yozadi The Guardian “Judgment and Decision Making” jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib.
Birinchi tajribada 1682 nafar katta yoshli ishtirokchi oltita qisqa hikoyadan birini o‘qigan. Ularning uchtasi insonlar tomonidan yozilgan, yana uchtasi esa o‘xshash mavzularda ChatGPT yordamida yaratilgan.
Ishtirokchilarga matn muallifi kimligi aytilgan, biroq bu ma’lumot har doim ham to‘g‘ri bo‘lmagan. O‘qib bo‘lgach, ulardan hikoya qanchalik qiziqarli bo‘lgani va uning sifatini baholash so‘ralgan.
Natijada neyron tarmoq tomonidan yaratilgan hikoyalar qiziqarlilik va sifat bo‘yicha insonlar yozgan hikoyalarga qaraganda yuqoriroq baho olgan. Shu bilan birga, ishtirokchilarga inson yozgani aytilgan hikoyalar, aslida ularni kim yozganidan qat’i nazar, yuqoriroq baholangan.
Ikki qo‘shimcha tajribada 905 nafar ishtirokchi bir mavzudagi ikkita — biri inson, ikkinchisi sun’iy intellekt tomonidan yozilgan — hikoyani o‘qib, ularning muallifini aniqlashga harakat qilgan.
Tajribalarning birida ishtirokchilarning atigi 40% ga yaqini muallifni to‘g‘ri aniqlagan. Bu natija tasodifiy taxmin qilishdan ham past bo‘lgan. Ikkinchi tajribada esa to‘g‘ri javoblar ulushi 52 foizni tashkil etgan.
Muallifni aniqroq aniqlay olganlar faqat sun’iy intellekt tizimlari qanday ishlashini yaxshi biladigan ishtirokchilar bo‘lgan. Badiiy adabiyot bilan ko‘proq tanish bo‘lish esa natijaga ta’sir qilmagan.
Tadqiqotning katta muallifi, Villanova universiteti vakili Dina Skolnik Vaysbergning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt tizimlari hozirning o‘zidayoq inson yozgan hikoyalardan kam bo‘lmagan, ayrim hollarda esa ulardan yaxshiroq qabul qilinadigan asarlar yaratishga qodir.
Uning fikricha, sun’iy intellekt yaratgan matnlarni o‘qish osonroq, inson yozgan hikoyalar esa ko‘pincha nozikroq va murakkabroq bo‘ladi. SI odatda asarning asosiy g‘oyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalaydi, inson esa o‘quvchiga o‘z xulosalarini chiqarish uchun ko‘proq imkon qoldiradi.
Biroq Vaysbergning ta’kidlashicha, bu yozuvchilikni sun’iy intellektga topshirish kerak degani emas. Insonlar yozish orqali o‘zini ifodalaydi va boshdan kechirgan tajribalarini anglaydi. Uning fikricha, buni sun’iy intellekt o‘zgartira olmaydi.
Tadqiqotda ishtirok etmagan Birmingem universitetining kino va ijodiy yozuv professori Lyuk Kennard esa bu fikrga qo‘shilmaydi.
Uning fikricha, SI oddiy matn tekshiruvchi vosita emas, balki boshqa odamlar yozgan juda katta hajmdagi matnlar asosida o‘qitilgan va katta ma’lumot markazlarida ishlaydigan ekologik ta’siri ham mavjud bo‘lgan ekzistensial tahdiddir.
Avvalroq Spot ChatGPT’ning bepul versiyasida matn cheklovlari bekor qilinishi haqida yozgandi.
Biroq foydalanuvchilar uchun tasvir yaratish, fayl yuklash va ovozli funksiyalardagi limitlar saqlanib qoladi.