Yanvar-iyul yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz mustahkamlandi. Bu haqda Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Iyul oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 54,45 so‘m (0,45%) ga mustahkamlanib, kurs 12 006,39 so‘mni tashkil etdi. Oy boshida dollar kursi 11 910 so‘mdan pasaygan bo‘lsa, keyinchalik tiklandi. Oyning ikkinchi yarmida kurs 12 100 so‘mdan oshib, 24-iyulda mahalliy eng yuqori darajaga chiqdi. Shundan so‘ng yana pasayib, oy oxirida 12 ming so‘mdan biroz yuqorida mustahkamlandi.

O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, dollar/so‘m juftligi bo‘yicha eng yuqori savdo hajmi 22-iyulda $314,9 mlnni tashkil etgan. Faollik 24 va 28-iyul kunlari ham yuqori bo‘lgan, 31-iyulga kelib esa savdo hajmi $93 mlngacha kamaygan.

Iyul yakunida O‘zbekiston tijorat banklarida dollar kursi 12 ming so‘mdan pasaydi. Dollarni eng yuqori narxda Saderat Bank — 11 990 so‘mdan xarid qilgan, eng arzon sotuv kursi esa Turonbankda — 12 000 so‘m bo‘lgan.

Yil boshidan buyon o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan 0,11% (14 so‘mdan ortiq) mustahkamlandi. 2025-yil yakunida esa dollar kursi nominal hisobda 6,9% pasaygandi.

Iqtisodchi, Mirkonomika Telegram-kanali muallifi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, iyul oyida so‘m dollarga nisbatan atigi 0,02% mustahkamlangan, bu esa so‘nggi ikki yildagi tendensiyaga mos keladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, iyulda dunyoning 22 ta valyutasi dollarga nisbatan mustahkamlangan. Asosiy savdo hamkorlari orasida Rossiya rubli 2% ga qadrsizlangan, Xitoy yuani 0,5%, Qozog‘iston tengesi esa 1,3% ga mustahkamlangan.

Xolboyev, shuningdek, iyul oyida so‘m kursining tebranishi iyunga nisbatan 45,8% ga oshganini, biroq o‘tgan yilning iyuliga qaraganda 24% ga kamayganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘m nisbatan o‘zgaruvchan valyutalar qatoriga kirgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida xorijiy valyutaga jami talab $32 mlrdga yaqin bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20% ga oshgan. Shundan yuridik shaxslar $25,2 mlrd (+19%), jismoniy shaxslar esa $6,8 mlrd (+26%) xarid qilgan.

Shu davrda xorijiy valyuta taklifi 31% ga oshib, $27,8 mlrdni tashkil etdi. Yuridik shaxslar $13,5 mlrd (+29%), aholi $12,3 mlrd (+35%) sotgan, yana $2 mlrdga yaqin mablag‘ Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi orqali tushgan.

Natijada valyutaga talab va taklif o‘rtasidagi manfiy saldo $5,5 mlrddan $4,2 mlrdgacha qisqargan.

Birinchi yarim yillikda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning eksport tushumi 30% ga oshib, $10,1 mlrdga yetdi. Shundan $5,6 mlrdi (+26,4%), ya’ni 55% ichki valyuta bozorida sotilgan.

Yanvar-iyun oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi $9,3 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 13% ga oshgan. Shu davrda aholi banklarga $12,3 mlrd sotib, $6,8 mlrd dollar xarid qilgan. Natijada jismoniy shaxslar operatsiyalari bo‘yicha ijobiy saldo $5,49 mlrdni tashkil etgan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 1-iyul holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari $63,75 mlrdni tashkil etgan. Iyun oyida ular $6,82 mlrdga kamaygan. Bunga asosan oltin narxining pasayishi sabab bo‘lib, zaxiradagi oltin qiymati $55,75 mlrd, valyuta zaxiralari esa $7,44 mlrdga tushgan.