Ijtimoiy tarmoqlarda Yangihayot tumanida qarzi bo‘lmagan 3,6 mingta xonadonga qarzdorlik hisoblangani haqida xabarlar tarqaldi. Soliq qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ko‘chmas mulk obyektlariga mol-mulk va yer soliqlari kadastr idoralari ma‘lumotlari asosida hisoblanadi.
Toshkent shahar hokimining 2023-yil 3-martdagi qarori bilan zona chegaralari qayta tasdiqlangan.
Shundan so‘ng kadastr idoralari Yuksalish ko‘chasi hududini 5-zonadan 4-zonaga o‘tkazib, tegishli ma‘lumotlarni soliq organlariga taqdim etgan.
Shu asosda ko‘chmas mulk obyektlari uchun yer solig‘i Soliq kodeksining 88-moddasiga muvofiq 2023-yildan boshlab 4-zona uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha qayta hisoblangan.
Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, Yangihayot tumani Xushnud mahallasidagi jami 144 ta ko‘chmas mulk obyekti uchun soliqlar qayta hisob-kitob qilingan.
Bundan tashqari, 937-sonli qonun ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan xatlov natijalari bo‘yicha soliq organlariga har oy o‘rtacha 50 mingga yaqin obyektga oid ma‘lumot kelib tushmoqda. Qo‘mita bunday holatlarda soliqlarni qayta hisoblash tabiiy jarayon ekanini qayd etdi.
Soliq qo‘mitasining ta‘kidlashicha, mazkur hisob-kitoblar amaldagi soliq qonunchiligi talablari asosida amalga oshirilgan.
Soliqlar har bir tumanning mahalliy budjetiga yo‘naltirilib, aholini ijtimoiy himoya qilish, infratuzilmani rivojlantirish va hududlarni obodonlashtirishga sarflanadi.
Spot, avvalroq, Soliq qo‘mitasi xarid cheklarining soddalashtirilgan shaklini joriy etgani haqida yozgandi.