Soliq qo‘mitasi elektron xarid cheklarini soddalashtirilgan shaklda ko‘rish imkoniyatini joriy etdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Savdo nuqtalarida nazorat-kassa mashinalari orqali beriladigan cheklarda mahsulot va xizmatlarga oid MXIK kodlari, o‘lchov birliklari, QQS summasi, chegirmalar, soliq stavkalari va boshqa rekvizitlar aks ettiriladi.
Qayd etilishicha, ushbu ma‘lumotlar hisob-kitoblarning shaffofligi va nazoratini ta‘minlash uchun muhim bo‘lsa-da, ularning ko‘pligi ayrim hollarda fuqarolarga chekni o‘qish va xarid summasini tezda aniqlashda noqulaylik tug‘dirishi mumkin.
Endilikda elektron chekni to‘liq yoki soddalashtirilgan shaklda ko‘rish mumkin. Soddalashtirilgan ko‘rinishda xarid qilingan mahsulot yoki xizmat nomi va uning summasi, shuningdek, chekning yakuniy summasi ko‘rsatiladi.
Bunda chekning to‘liq ko‘rinishidagi ma‘lumotlar saqlanib qoladi. Foydalanuvchilar o‘zlariga qulay formatni tanlashi hamda istalgan vaqtda to‘liq va soddalashtirilgan ko‘rinishlar o‘rtasida almashishi mumkin.
Shuningdek, elektron chek nusxasini saqlash va boshqa foydalanuvchilar bilan ulashish imkoniyati mavjud.
Elektron fiskal chek haqidagi ma‘lumotlarni smartfon kamerasi orqali chekdagi QR-kodni skanerlash yoki Soliq ilovasi orqali tekshirish mumkin.
Soliq qo‘mitasi xaridlar bo‘yicha hisob-kitoblarni tekshirishda rasmiy elektron xizmatlardan foydalanishni tavsiya qildi.
Bu chegirmalar, soliqlar va boshqa hisob-kitob elementlarini inobatga olmasdan mustaqil qayta hisoblashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldini olishga xizmat qiladi.
Xarid cheklari
2025-yilda o‘zbekistonliklarga 1,5 trln so‘mlik soliq keshbeki to‘landi: yil davomida to‘lovlar hajmi 43,9% ga, berilgan cheklar soni esa 56,7% ga oshdi. Shu bilan birga, bitta chekning o‘rtacha summasi 100 ming so‘mdan pastga tushdi.
Joriy yilning 4 oyida 8 mlndan ortiq iste’molchiga 848,4 mln fiskal chek bo‘yicha 571,3 mlrd so‘m keshbek to‘landi. Hududlar orasida keshbek to‘lovlari bo‘yicha Toshkent shahri (176,1 mlrd so‘m), Farg‘ona (80,8 mlrd so‘m) va Toshkent (63,9 mlrd so‘m) viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
So‘nggi paytlarda soliq keshbeki orqali mablag‘larni o‘g‘irlash holatlari ko‘paymoqda. Jumladan, Andijon viloyatida mart-aprel oylari uchun 1,1 trln so‘mlik tovarlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilib, 35 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Xuddi shunday holat Farg‘ona viloyatida ham yuz berib, u yerda 3,2 mlrd so‘m talon-toroj qilingan. Sxema doirasida jami 211,5 ming kishi Soliq mobil ilovasi orqali 28,5 mlrd so‘mlik keshbek hisoblanishini rasmiylashtirgan.
Iyul oyi boshida Fiskal tahlillar instituti ilk bor amaldagi soliq keshbeki tizimidan voz kechib, xaridorlarni davlat lotereyalari orqali manzilli rag‘batlantirishga o‘tishni taklif qilgandi.
“Aslida, 'har bir chek rag‘batlantiriladi' tamoyilidan 'iqtisodiyotning eng xavfli segmentlarida nazorat rag‘batlantiriladi' tamoyiliga o‘tish taklif etilmoqda”, — deyilgandi tadqiqotda.
Keyinroq 1% lik soliq keshbekining bekor qilinishi budjetga 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ni tejashi aytildi.
Spot, avvalroq, yarim yilda aholidan 330 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi sotib olingani haqida yozgandi.