O‘zbekistonda dollar kursi yana pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
19-avgustdan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 11 820,40 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 36 so‘m 95 tiyinga pasaydi. Joriy ko‘rsatkich 2023-yil 10-avgustdagi devalvatsiyadan keyingi eng quyi darajaga tushdi.
Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
2026-yilning yanvar-iyul yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz mustahkamlandi. Iyul oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 54,45 so‘m (0,45%) ga mustahkamlanib, kurs 12 006,39 so‘mni tashkil etdi.
Oy boshida dollar kursi 11 910 so‘mdan pasaygan bo‘lsa, keyinchalik tiklandi. Oyning ikkinchi yarmida kurs 12 100 so‘mdan oshib, 24-iyulda mahalliy eng yuqori darajaga chiqdi. Shundan so‘ng yana pasayib, oy oxirida 12 ming so‘mdan biroz yuqorida mustahkamlandi.
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijdan $9,3 mlrd pul o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% ko‘p. Shu davrda mamlakatdan $1,33 mlrd mablag‘ yuborilgan bo‘lib, xalqaro pul o‘tkazmalarining ijobiy saldosi qariyb $8 mlrdni tashkil etdi. Bundan tashqari, aholi banklarga sotgan xorijiy valyuta hajmi xarid qilganidan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi.