Toshkent shahrida Xitoy xalqaro texnikumini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, texnikum Bektemir tumanidagi Respublika televideniye va radio texnikumi negizida Xitoyning China Oriental Education Holdings Limited kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Texnikum Respublika televideniye va radio texnikumining Rohat ko‘chasi, 29-uy manzilidagi bino va inshootlariga joylashtiriladi. Ular yoshlarni kasbga o‘qitish maqsadida 20 yil muddatga bepul foydalanishga beriladi.

China Oriental Education Holdings Limited texnikum faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun $5,1 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritadi.

Mablag‘lar bir yil ichida mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, yangi ustaxonalar qurish hamda zamonaviy ustaxona va laboratoriya uskunalari bilan jihozlashga yo‘naltiriladi.

Texnikum nodavlat kasbiy ta‘lim tashkiloti sifatida korxona shaklida faoliyat yuritadi. Uning ta‘sischilari Xitoy kompaniyasi hamda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta‘lim agentligi bo‘ladi.

Ta‘lim kunduzgi, kechki va dual shakllarda to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. O‘quv jarayoniga Xitoy tajribasi, xorijiy ta‘lim dasturlari, raqamli texnologiyalar va sun‘iy intellekt joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, BYD, Chery va JAC kabi Xitoy avtomobilsozlik korxonalari buyurtmasi asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlanib, o‘quvchilar uchun amaliyot tashkil etiladi. Mahalliy pedagoglarning Xitoydagi yetakchi ta‘lim tashkilotlari va korxonalarida malaka oshirishi ham rejalashtirilgan.

Texnikumda ishsiz va band bo‘lmagan, kasb o‘rganish istagidagi yoshlar uchun qisqa muddatli kasb kurslari tashkil etiladi. Bundan tashqari, xitoy va ingliz tillarini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan kasbiy ta‘lim diplomi beriladi. Shuningdek, ularga xorijda tan olinadigan sertifikat berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Loyiha muhokamasi 1-sentabrga qadar davom etadi.

Spot, avvalroq, Xorazmda 1,1 ming o‘rinli kasbiy mahorat texnikumi tashkil etilgani haqida yozgandi.