Qonunchilik palatasi intellektual mulk obyektlaridan samarali foydalanish va patent vakillarining huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi bilan 7 ta qonun va 4 ta kodeksga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Hujjat bilan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarni garovga qo‘yish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solinadi.

Shuningdek, bunday huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning huquqiy asoslari mustahkamlanadi.

Bundan tashqari, patent vakillarining intellektual mulk obyektlariga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va vakillik qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytiriladi.

O‘zgarishlar intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish va ortiqcha ma‘muriy tartib-taomillarni qisqartirishga qaratilgan.

Intellektual mulkka bo‘lgan mulkiy huquqlarni garovga qo‘yish imkoniyati ixtiro, tovar belgisi va boshqa intellektual aktivlar egalariga ularning iqtisodiy qiymatidan foydalanib, moliyaviy resurslar jalb qilish imkonini beradi.

Spot, avvalroq, oila a‘zolarini turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydoni bo‘yicha cheklovlar bekor qilinishi haqida yozgandi.