Qonunchilik palatasi fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha bilan oila a‘zolari va yaqin qarindoshlarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga oid cheklovlarni bekor qilish taklif etilmoqda.
Xususan, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, shuningdek, aka-uka va opa-singillar bir-birining uyiga ro‘yxatdan o‘tayotganda xonadon maydoni belgilangan me‘yordan kam bo‘lsa ham, ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda ham uy-joy maydonining ijtimoiy normasini qo‘llamaslik belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, hozir ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy sotib olgan ayrim fuqarolar o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Bu farzandlarini maktab yoki bog‘chaga joylashtirish, poliklinikaga biriktirish, pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda muammolar tug‘dirmoqda.
Loyihaga ko‘ra, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan uy-joylarda mulkdor va uning yaqin qarindoshlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda garovga oluvchi yoki vakolatli organlar — bank, sud va MIBning roziligi talab etilmaydi.
Bunda ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxsning oldindan yozma roziligi olinadi. Garovga oluvchi yoki taqiq (xatlov) qo‘ygan vakolatli organ murojaat qilgan taqdirda, uning ro‘yxatdan o‘tganligi bekor qilinishi mumkin.
Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan (PF-29-son) ipoteka krediti asosida sotib olingan uyga fuqarolarni uy egasi arizasi va garovga oluvchining (bank) roziligi bilan yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilishi belgilangan edi.
May oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Javohirbek Amonov mazkur tartib allaqachon amaliyotga joriy etilgani va farmon kuchga kirgan kundan boshlab qo‘llanilayotganini ma’lum qildi.
Iyul oyi o‘rtasida taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyda garovga oluvchining roziligisiz yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilishi belgilangandi.
Spot, avvalroq, iyulda eskrou tizimi orqali 34,3 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirilgani haqida yozgandi.