Iyul oyida ko‘chmas mulk va transport vositalari eskrou hisobvaraqlari orqali oldi-sotdisi bo‘yicha 34 341 ta bitim rasmiylashtirildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Ulardan 18 306 tasi (53,3%) ko‘chmas mulkka, 16 035 tasi (46,7%) esa transport vositalariga to‘g‘ri keldi. Yana 1096 ta bitim ko‘rib chiqilmoqda.
Oy davomida eng ko‘p bitim Toshkent shahrida — 9674 ta qayd etildi. Farg‘ona (3401), Samarqand (2810) va Andijon (2567) viloyatlari ham yuqori faollik ko‘rsatdi.
Eskrou hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilishning yangi tartibi 2026-yil 1-apreldan amal qiladi. Ulushli qurilishdagi eskroudan farqli o‘laroq, u qurilayotgan uy-joyni moliyalashtirish uchun emas, balki xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi oldi-sotdi bitimini xavfsiz yakunlash uchun qo‘llaniladi. Ushbu mexanizm ishga tushirilishining birinchi haftasidayoq u orqali 6 156 ta bitim rasmiylashtirilgan.
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 110,1 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi ro‘yxatga olingan. Markaziy bank mart oyidagi keskin o‘sishni, jumladan, bozor ishtirokchilarining eskrou tizimi kuchga kirgunga qadar shartnomalarni rasmiylashtirishga intilgani bilan izohlagan edi.
Avvalroq O‘zbekistondagi marketpleyslarda eskrou to‘lov tizimi joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Xaridor tovarni olib, uni tasdiqlamaguncha pul sotuvchining hisobiga o‘tmaydi. Bu Instagram va Telegram’dagi firibgarlikka chek qo‘yadi.
