YouTube 2026-yil 24-avgustdan boshlab platformadagi barcha turdagi videolar uchun ko‘rishlar hisoblash usulini o‘zgartiradi. Bu haqda vc.ru nashri xabar berdi.
Ya’ni oddiy videolar, podkastlar va boshqa formatlarda ham video ishga tushirilishi bilan ko‘rish hisoblanadi. Hozir bunday tizim Shorts’da amal qiladi. Yangilik butun dunyo bo‘yicha joriy etiladi.
Avval oddiy videolarda foydalanuvchi videoni ma’lum vaqt tomosha qilgandan keyin ko‘rish sifatida qayd etilardi.
YouTube bu borada aniq minimal vaqtni rasman ochiqlamagan, biroq keng tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, avval ko‘rish uchun taxminan 30 soniya talab qilingan.
24-avgustdan esa foydalanuvchi videoni ishga tushirishi bilan ko‘rish hisoblanadi. Masalan, odam videoni bosib, bir necha soniyadan keyin chiqib ketsa ham, bu holat umumiy Views ko‘rsatkichida aks etadi.
Bu usul Shorts uchun 2025-yil 31-martdan beri ishlaydi. YouTube Shorts’da video ishga tushishi yoki qayta ishga tushirilishi ko‘rish sifatida qayd etiladi va buning uchun minimal tomosha vaqti talab qilinmaydi.
Eng katta ta’sir — videolarning ko‘rishlar soni tezroq oshishi mumkin. Chunki ilgari videoni ochib, tezda yopgan foydalanuvchi umumiy ko‘rish hisobiga kirmasligi mumkin edi. Yangi tizimda esa videoning ishga tushirilishi kifoya.
Masalan, videoni 100 ming kishi ochdi, lekin ularning 20 mingi darhol chiqib ketdi. Yangi hisoblash tizimida bu 20 mingta ishga tushirish ham Views ko‘rsatkichiga qo‘shiladi. Shu sababli videoning ommaviy ko‘rsatkichi avvalgidan yuqoriroq bo‘lishi mumkin.
Bu o‘zgarish monetizatsiyani avtomatik ravishda oshirmaydi. YouTube Analytics’da Engaged views degan alohida ko‘rsatkich saqlanib qoladi.
U videoni haqiqatan davom ettirib tomosha qilgan auditoriyani ko‘rsatishga xizmat qiladi. YouTube yangi Views hisoblash usuli monetizatsiya yoki YouTube Partner Program’da ishtirok etish talablariga ta’sir qilmasligini bildirgan.
Kompaniya o‘zgarishni metrikalarni mualliflar uchun yanada tushunarli va shaffof qilish bilan izohlagan.
Shuningdek, oddiy videolarni Shorts’dagi hisoblash tizimiga yaqinlashtirish orqali turli formatlarning ko‘rsatkichlarini taqqoslashni osonlashtirish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot YouTube foydalanuvchilari Premium tarifidagi reklamalar sabab sudga murojaat qilgani haqida yozgandi.