AQShdagi YouTube Premium’ning ikki obunachisi Google’ga qarshi jamoaviy da’vo arizasi berdi.
Ularning ta’kidlashicha, pullik xizmat reklamasiz tomosha qilish va’dasiga mos kelmaydi.
Da’vogarlar Google amaliyotini iste’molchilarni chalg‘ituvchi va ularning huquqlarini buzuvchi deb tan olishni talab qilmoqda.
Da’vogarlarga ko‘ra, video tomosha qilayotgan paytda ularga hanuz reklama va promo materiallar ko‘rsatilmoqda. Ular aynan reklamalarsiz kontent ko‘rish imkoniyati uchun Premium obunasini rasmiylashtirganini aytmoqda.
“Striming kontent davomida ommabop avtomobillar, mahalliy yuristlar yoki oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamalarigacha bo‘lgan turli reklama e’lonlari va uzilishlar tez-tez paydo bo‘ladi”, — deyiladi da’vo arizasida.
YouTube esa ayrim reklama elementlari video mualliflari tomonidan kontentning o‘ziga joylashtirilgan bo‘lishi mumkinligini qayd etadi. Bular qatoriga brend integratsiyalari, reklama havolalari yoki videodagi maxsus funksiyalar kiradi.
Biroq da’vogarlar bu shartlar obuna rasmiylashtirilayotganda yetarlicha aniq tushuntirilmaganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, YouTube xizmatini reklamasiz deb targ‘ib qilib, keyinchalik reklama ko‘rsatishi iste’molchilarni chalg‘itadi.
Avvalroq Google Google Ads xizmatida raqobatchilarining tovar belgilaridan kalit so‘z sifatida foydalanish bo‘yicha ham sud jarayonida ishtirok etayotgani haqida xabar berilgandi.
Aynan shu mexanizm reklama beruvchilarga boshqa brend mahsulotlarini qidirayotgan foydalanuvchilarga o‘z reklamalarini ko‘rsatish imkonini bergan.
Avvalroq Spot YouTube Shorts’ga “Toza ekran” va boshqa yangi funksiyalar qo‘shilgani haqida yozgandi.