Janubiy Illinoys universitetining Karbondeyl shahridagi tadqiqotchilar qayta ishlangan plastmassadan pechenye tayyorlashdi.
Ish NASA tomonidan moliyalashtiriladigan Deep Space Food Challenge dasturi doirasida olib borilmoqda, deya xabar berdi The Guardian.
Dastur uzoq davom etadigan kosmik parvozlar vaqtida astronavtlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashning yangi usullarini yaratishga qaratilgan.
Texnologiyada plastmassa va qishloq xo‘jaligi chiqindilarini iste’mol qilish mumkin bo‘lgan oqsil, yog‘ va aromatizatorlarga aylantiruvchi maxsus xamirturushlardan foydalaniladi. Keyin suspenziyalar 3D-printer yordamida disk shaklidagi pechenyega aylantiriladi.
Olimlar eng ko‘p ishlatiladigan plastmassa turlaridan biri — polietilentereftalat (PET)dan foydalanmoqda. Undan ko‘pincha bir martalik suv idishlari tayyorlanadi.
Dastlab PET parchalanib, qattiq material uglerodga boy mayda molekulalarga ajratiladi. Keyingi bosqichda ular genetik jihatdan qayta dasturlangan xamirturushlarga ozuqa sifatida beriladi.
Xamirturush plastmassadagi uglerodni oqsil, yog‘ va boshqa oziq moddalari kabi yangi biologik molekulalarga aylantiradi. Ularni kraxmal bilan aralashtirib, iste’mol qilinadigan mahsulot shakliga keltirish mumkin. Boshqa turdagi xamirturush esa o‘simlik biomassasidan vanil aromatizatori olish uchun ishlatilgan.
“Odamlarda sinov o‘tkazishga ruxsat kutayotganimiz sababli, hali pechenyeni iste’mol qilib ko‘rmadik”, — dedi loyiha rahbari doktor Lahiru Jayakodi.
Shunga qaramay, jamoa pechenyeninng hidi va aromati yuqori baholanganini ma’lum qildi.
Pechenyeni ishlab chiqarish 1 kilogramm uchun $60 ga tushmoqda. Biroq yaratuvchilar xamirturush samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish hajmini kengaytirish orqali xarajatlarni kamaytirish mumkinligini kutmoqda.
Tadqiqotchilar qayta ishlangan plastmassadan oziq-ovqat tayyorlash konsepsiyasi nafaqat kosmosda, balki Yerda ham foydali bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Masalan, undan suvosti kemalarida yoki tabiiy ofatlar yuz bergan hududlarda foydalanish mumkin. Texnologiya plastik chiqindilar muammosini kamaytirish va oziq-ovqat ishlab chiqarish masalasini hal qilishga ham yordam berishi mumkin.
Avvalroq Spot Yaponiyada sho‘r suvda eriydigan plastmassa yaratilgani haqida yozgandi.
Yangi material dengiz suvida 60 daqiqada, tuproqda esa taxminan 200 soatda eriydi va karbonat angidrid chiqarmaydi.