Prezidentning tegishli qarori bilan Muxsinxo‘ja Abdurahmonov Migratsiya agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
U bu lavozimda 2024-yilning sentabridan buyon hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilgan agentlik rahbari sifatida ishlab kelgan Behzod Musayevning o‘rnini egalladi.
Bunga qadar Abdurahmonov 2021-yilning iyul oyidan buyon O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Muxsinxo‘ja Tursunxo‘jayevich Abdurahmonov 1974-yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Chiko shahridagi Kaliforniya davlat universiteti (AQSH) va Otaru tijorat universiteti (Yaponiya) ni tamomlagan.
U 2004−2008 yillarda Xokkaydo universitetida doktorlik dissertatsiyani himoya qilgan. Yaponiya elchisi etib tayinlanishdan oldin Abdurahmonov 2021-yildan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Avvalroq Spot Bo‘ka tumaniga yangi hokim tayinlangani haqida yozgan edi.