Shavkat Mirziyoyev Adliya vazirligi huzuridagi To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi direktori tayinladi. Bu haqda Adliya vazirligining rasmiy kanali xabar berdi.
Agentlik direktori lavozimini vazir o‘rinbosari maqomida Nu’mon Muhammadiev egalladi. U 2025-yil martidan buyon davlat xizmatlari, FHDYO, arxiv ishi va raqamlashtirish yo‘nalishlari uchun mas’ul vazir o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.
Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Numon Muhammadiev 1982-yilda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan. 2003-yilda Toshkent davlat yuridik institutini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Muhammadiev mehnat faoliyatini 2004-yilda Adliya vazirligining Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boshqarmasida katta maslahatchi sifatida boshlagan. Keyinchalik shu boshqarmada yetakchi va bosh maslahatchi lavozimlarida ishlagan. 2009−2013-yillarda Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
2016−2023-yillarda u Adliya vazirligi tizimida qator rahbarlik lavozimlarida, jumladan, davlat xizmatlarini muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i, prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i hamda Davlat xizmatlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2023−2025-yillarda Toshkent shahar adliya boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
Shavkat Mirziyoyev may oyida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlikni tashkil etish to‘g‘risida farmon chiqargan edi. Yangi agentlik to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, tegishli jarayonlarni raqamlashtirish va byurokratiyani qisqartirish bilan shug‘ullanadi.
Farmonda kreditor va qarzdor o‘rtasidagi kelishuv asosida kreditlar bo‘yicha foiz hisoblanishini vaqtincha to‘xtatish hamda soliqlarni to‘lashni kechiktirishga ruxsat berilgan. Shuningdek, to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha ish yuritish uchun raqamli platforma ishga tushirilishi belgilangan.
Avvalroq Spot Muxsinxo‘ja Abdurahmonov Migratsiya agentligi direktori etib tayinlangani haqida yozgandi.