Pokistonning Habib Rafiq Engineering Pvt. Ltd qurilish kompaniyasi Xivada “aqlli” shahar barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishni boshladi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Tashabbus O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi ishtirokida Xorazm hokimligi bilan olib borilgan uzoq davom etgan muzokaralar davomida muhokama qilingan.

Loyiha Xiva hududini kengaytirish va zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida yangi shahar hududini barpo etishni nazarda tutadi.

Loyiha doirasida turar joy majmualari, ijtimoiy va tijorat obyektlari, transport va muhandislik infratuzilmasi, kommunal hamda boshqa obyektlar bosqichma-bosqich quriladi.

Kompaniya Pokistonda yirik shahar va infratuzilma obyektlarini qurish bo‘yicha to‘plagan tajribasidan foydalanishni rejalashtirmoqda.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, loyiha Xivada zamonaviy shahar infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Habib Rafiq Engineering mutaxassislari o‘zbekistonlik diplomatlar ko‘magida kelajakdagi yangi hudud uchun taklif etilayotgan yerlarni o‘rganish maqsadida Xorazmga bir necha bor tashrif buyurgan. Avgust oyi oxirida kompaniya loyiha bo‘yicha Xorazm hokimligi bilan memorandum imzolagan.


Avvalroq Spot Pokiston kompaniyasi Toshkent viloyatida charm mahsulotlari uchun sanoat zonasi tashkil etishi haqida yozgandi.