Toshkentdan Nijniy Novgorodga xalqaro avtobus yo‘nalishi ochilmoqda. Bu haqda Avtomobil transport agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, “Toshkent — Nijniy Novgorod” avtobus yo‘nalishida joriy yilning 14-sentyabridan boshlab avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

“Ushbu yo‘nalishda O’zbekiston tomondan tashuvchi „UZKAZ AVTO TRANS“ MChJshaklidagi QK, Rossiya tomonidan esa tashuvchi „Panyushkin S.Yu.“ YaTT xizmat ko‘rsatadi. Yo‘lovchilar bugungi kunda eng zamonaviy va bir qator qulayliklarga ega bo‘lgan VANHOOL“ rusumli avtobuslarda o‘z manzillariga yetkaziladi”, deyiladi xabarda.

Yo‘nalishning masofasi 3000 km., qatnovga sarflanadigan umumiy vaqt 61 soat, yo‘lkira haqi tashuvchilar tomonidan Toshkentdan Nijniy Novgorodgacha — 500 ming so‘m. Nijniy Novgoroddan Toshkentgacha esa — 6 ming rubl qilib belgilandi.

Yo‘nalish “G'isht ko‘prik” (O'zbekiston), “Jibek Joli”, “Jaysan” (Qozog‘iston), “Sagarchin” (Rossiya) nazorat o‘tkazish maskanlari orqali amalga oshiriladi.