15 sentyabr kuni poytaxt hokimligida navbatdagi “Investorlar kuni” bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, uchrashuvda ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan zamonaviy mehmonxona, kutubxona, tibbiyot markazlari, savdo va ko‘ngil ochar maskanlar, ko‘p qavatli avtoturargohlar hamda yangi uy-joy komplekslarini barpo etishni ko‘zda tutuvchi loyihalar taqdim etildi.

“Tadbirda Inter aviaservis asoschisi Jahongir Fayzullayev Toshkentda yangi aviakompaniya ochish taklifini ilgari surdi. Tadbirkor ko‘p yillar davomida avialaynerlar bozorini o‘rganib, chiptalarni sotish, parvozlar va yo‘nalishlar sonini o‘rganib chiqqan”, deyiladi xabarda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy kompaniyalar bilan A-320 va A-321 samolyotlari lizingi bo‘yicha shartnomalar mavjud.

Jahongir Artikxo‘jayev investor taklifini qo‘llab-quvvatlab hokimiyatdan barcha zarur ko‘mak berilishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Artikxo‘jayev ishtirok etib, 40 dan ortiq loyihalar bilan tanishib chiqdilar.

Uchrashuvda taqdim etilgan loyihalarning umumiy qiymati 5 trillion so‘mdan ziyod bo‘lib, ularning amalga oshirilishi 10 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishini ta’minlaydi. Tadbirda loyihalarning qariyb 90% i ma’qullandi.