Umumfoydalanishdagi muqobil yo‘llar bo‘lgan joylarda pullik magistral yo‘llar quriladi. Ularda yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori tezlik belgilanganidan 20 km/soatga ortiq bo‘ladi, foydalanganlik uchun haq esa sutkadagi vaqtga qarab tabaqalashtiriladi.

Hukumat 2018−2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qilish niyatida. Hozir ular QHTBT portalida muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma.

Pullik avtomobil yo‘llari tarmog‘i barpo etilishi mamlakatimiz uchun yangi holat, shu sababli zarur normativ-huquqiy bazani yaratish talab etiladi. “Pullik avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish ko‘zlanmoqda.

Pullik yo‘llar davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va IIV yangi infratuzilma obyektlarini barpo etish bo‘yicha investitsiyaviy majburiyatlarni qabul qilgan holda pullik magistral yo‘llarni qurish uchun hududlar ro‘yxatini yangi yilgacha ishlab chiqishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek 2019 yilda mamlakatimizning barcha mintaqalarida pullik magistral yo‘llarni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga doir takliflar ishlab chiqiladi.

Loyiha rad etilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.